Fargʻona shahrida 24 ta kun-u tun ishlaydigan xizmat koʻrsatish va savdo obyekti ish boshladi

    Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayrami arafasida Fargʻona shahridagi “Ibrat” MFY hududida — “Istiqlol” oʻyingohi qarshisidagi yangi koʻp qavatli uylarning birinchi qavatida 24 ta kun-u tun ishlaydigan xizmat koʻrsatish va savdo obyekti ish boshladi.

    Ushbu majmuaning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi.

    Ochilish marosimida soʻz olgan viloyat hokimi, kuni kecha boʻlib oʻtgan Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti mamlakatimizda tadbirkorlik sohasida yangi sahifa ochganini taʼkidlab, tadbirda eʼlon qilingan va biznes egalariga qulaylik yaratishga qaratilgan qator yangiliklar natijasida tadbirkorlarga koʻmak berish, ularga yelkadosh boʻlish uchun mahalliy hokimiyat organlari ham bor kuchini safarbar qilishini qayd etdi.

    Majmuaning qurilish ishlarida faol boʻlgan quruvchilar viloyat hokimining sovgʻalari bilan taqdirlandilar. Oqsoqollar tomonidan ramziy lenta qirqilib, yigʻilganlar yangi xizmat koʻrsatish va savdo obyektlari bilan tanishishdi.

    Majmuani ishga tushirish uchun 30 milliard soʻmdan ortiq tadbirkorlarning mablagʻlari hisobiga qurilish va taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, shundan 5 milliard soʻmdan ziyod 14 foizli stavkada 5 yil imtiyozli bank kreditlari ajratib berildi. Bu yerda jami 100 dan ziyod doimiy ish oʻrni yaratildi.

    Majmuadan mebel, gilamlar, qurilish materiallari, oziq-oziq mahsulotlari, bolalar oʻyinchoqlari savdo doʻkonlari, avtosalon, kredit savdo doʻkoni, oʻquv markazi, dorixona, advokatlik byurosi, loyiha xizmati, umumiy ovqatlanish shaxobchasi, chevarxona va boshqa shu turdagi xizmatlar oʻrin olgan.

    Xizmat koʻrsatish va savdo obyektlarining barchasi haftada 7 kun, 24 soat aholiga xizmat koʻrsatadi.

    Rasuljon KAMOLOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri