Fargʻona shahrida ijtimoiy himoyaga muhtoj nuroniy onaxonlar holidan xabar olindi

    Koʻklam kelishi bilan mahallalar, aholi tamorqasi-yu, dala-dashtda mehnat zavqi boshlanib ketdi.

    “Mahalla” xayriya jamoat fondi Fargʻona viloyat boʻlimi boshqaruvi saʼy-harakati bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Fargʻona shahridagi “Fargʻona” va “Yoshlar” mahalla fuqarolar yigʻinlari hududida 100 tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt koʻchatlari oʻtkazildi, ariq va suv yoʻllari tartibga keltirildi, ijtimoiy himoyaga muhtoj nuroniylar xabar olindi.

    “Yoshlar” mahalla fuqarolar yigʻini, Turon koʻchasi, 51-uyda istiqomat qilayotgan Valya Yedixanova qirq yildan ortiq yoshlarga saboq bergan ustoz muallim bu yil 94 yoshni qarshi oldi. Yakka yolgʻiz, koʻzi nogiron. Mahalla faollari ustoz xonadonida “hashar” tashkillab, uy-joy, hovli sathida taʼmirlash, obodonlashtirish ishlarini amalga oshirdi, oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminladi.

    “Fargʻona” mahalla fuqarolar yigʻini, Oq suv koʻchasida istiqomat qiluvchi Lolaxon Abdurahmonova 82 bahorni koʻrdi, birinchi guruh nogiron, oʻzi mustaqil harakatlana olmaydi, oʻzgalar parvarishiga muhtoj. Onaxon xonadoniga koʻngil soʻrab kelgan “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boʻlimi vakillari Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan qutlab, 7 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari berdi.

    – Mehr-saxovat koʻrsatib, yoʻqlab keluvchilar koʻp, – deydi shu mahalladagi Shukrona koʻchasida istiqomat qilayotgan Halimaxon Ismoilova. – Yakka-yolgʻiz boʻlsamda, yaxshilar mehrini his qilib yashayapman. Bayram arafasida mahalla faollari kelib, imkon qadar yordam berishganidan juda xursand boʻldim. Baraka topishsin.

    Bunyodkorlik, obodonchilik, mehr-muruvvat tadbirlari har bir mahalla, mehnat jamoalarida quloch yoymoqda.

    Rasuljon Kamolov,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri