баннер
18 Apr 2025
19:04

    Fargʻonada narkolaboratoriya fosh etildi

    Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlarini jalb qilgan holda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Fargʻona tumanidagi “Mindonobod” MFYdagi uylardan birida sintetik giyohvandlik vositalari tayyorlash maqsadida tashkil etilgan narkolaboratoriya fosh etildi.

    Qayd etilishicha, Margʻilon shahrida yashovchi, 1990 va 2001-yillarda tugʻilgan 3 nafar shaxs mazkur xonadonni har oyiga 250 AQSH dollaridan ijaraga olib, u yerda giyohvandlik vositalari tayyorlash bilan shugʻullangan.

    Koʻzdan kechirish davomida, ushbu manzildan 8 kg. 185 gr. Alfa-PVP, 4 kg. 209 gr. “Spays”, 427 gr. “Mefedron” sintetik narkotik moddalar hamda ularni tayyorlashda kerak boʻladigan 12 kg. 326 gr. maxsus suyuqlik va 13 kg. 925 gr. tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olindi.

    Ekspertiza xulosasiga koʻra, tezkor tadbir davomida olingan jami 12 kg. 821 gr. sintetik narkotik moddalarning qora bozordagi bahosi 9 mlrd. 185 mln. soʻmni tashkil etadi.

    Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, qonunbuzarlar internet tarmogʻi orqali giyohvandlik vositalari sotish bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruh aʼzolari tomonidan “zakladka” usulida yetkazib berilgan xom-ashyo mahsulotlari asosida narkotik moddalar tayyorlab, viloyat boʻyicha belgilangan xufiya joylarga qoldirib, ularning geolokatsiyasini jinoiy guruh aʼzolariga yuborib turishgan.

    Buning evaziga uchala shaxsning har biri haftasiga kriptovalyuta koʻrinishida 500 AQSH dollaridan maosh olgan.

    Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 4-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech