Hududlararo oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash uchun Rossiya Federatsiyasiga borgan Fargʻona viloyati hokimining oʻrinbosari Iqboljon Ergashev boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi oʻz tashrifini Kurgan oblastidan boshladi.

Fargʻona viloyati delegatsiyasi ikki kun davomida Kurgan integratsiyalashgan texnologiyalar zavodi, Vargashinskiy yongʻinga qarshi va maxsus texnika zavodi, qurilish materiallari ishlab chiqarishga moʻljallangan “LesServis” MCHJ hamda Ketovskiy tumanida joylashgan fermer xoʻjaligi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Dastlab, Kurgan integratsiyalashgan texnologiyalar zavodi faoliyati bilan tanishildi.

Zavod 2001-yildan beri faoliyat yuritib keladi, hozirda Rossiyaning energetika va sanoat mashinasozligi bozorida yetakchilardan biri hisoblanadi.

Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar qatoriga gaz porshenli va dizel dvigatellari, gaz kuchaytirgich va kompressor stansiyalari, elektr bloklari, qattiq maishiy chiqindilarni modulli konstruksiyada qayta ishlash va utilizatsiya qilishga moʻljallangan uskunalar kiradi.

Zavod direktoriga “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi haqida maʼlumot berildi va Fargʻona viloyatiga tashrif buyurib, ushbu zona imkoniyatlari bilan tanishish taklif qilindi.

Keyingi manzil “Vargashinskiy yongʻinga qarshi va maxsus texnika zavodi” boʻldi. Korxona rahbari Vladimir Kazakov mehmonlarga zavod faoliyati, xizmat turlari, ishlab chiqarishdan tortib, buyurtmachiga yetib borgunga qadar boʻlgan jarayonlar haqida batafsil maʼlumotlar berib oʻtdi.

Ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish doirasida “Vargashinskiy yongʻinga qarshi va maxsus texnika zavodi” tankerlarni taʼmirlash, qismlarni almashtirish, tizimlarni modernizatsiya qilish, yongʻinga qarshi nasoslarni ishlab chiqarish, sotish va oʻrnatish, tankerlarni izolyatsiyalash, muhrlash, boʻyoq ishlarini tiklash, qoʻshimcha korroziyaga qarshi qoplama va boshqa xizmatlarni koʻrsatadi. Korxona yiliga 350 tagacha yongʻinga qarshi tanker ishlab chiqarish imkonini beradi.

Shu kuni Ketovskiy tumanida joylashgan 25 ming gektar maydonda tashkil etilgan zotdor ot, chorva mol-qoʻylari boqilayotgan fermer xoʻjaligi hamda har birida 5 ming donadan sosna koʻchatlari yetishtirilayotgan issiqxona bilan ham tanishildi.

Bugun delegatsiya aʼzolari Kurgan viloyatining investitsion va eksport salohiyati taqdimoti bilan tanishadi hamda Kurgan korxonalari vakillari bilan uchrashuv va muzokaralar oʻtkazilishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.