Mamlakatimizning Koreya Respublikasidagi elchixonasi tomonidan Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Muxsinxoʻja Abdurahmonov bilan Janubiy Koreya mintaqaviy issiqlik taʼminoti korporatsiyasi direktori sobiq oʻrinbosari, “Kanaan” kompaniyasi katta maslahatchisi Yun Von Jung oʻrtasida videokonferensiya shaklida muzokaralar tashkil qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Uchrashuvda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Fargʻona viloyati Beshariq tumani hokimligi masʼul xodimlari, shuningdek, Janubiy Koreyaning “GemVax & KAEL” va “DAU Group” kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida 7-iyul kuni Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev bilan Yun Von Jung oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvdan keyin viloyat rahbari uni Janubiy Koreyaning toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyalarini jalb qilish boʻyicha maslahatchisi sifatida ishlashga taklif qilishga qaror qilganini qayd etdi. Fargʻona viloyatining sanoat salohiyatini inobatga olgan holda, Janubiy koreyalik sheriklar ishtirokida muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyati taʼkidlandi. Fargʻona viloyati hokimligi rahbariyati Yun Von Jung faoliyatida har tomonlama yordam berishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Yun Von Jung ishonch uchun Oʻzbekiston tomoniga minnatdorlik bildirib, Fargʻona viloyatiga Koreya Respublikasining yetakchi kompaniyalari investitsiyalari va zamonaviy texnologiyalarini toʻgʻridan-toʻgʻri jalb qilish boʻyicha faol ishlarni boshlashga tayyorligini bildirdi. U salohiyatli sheriklarga mintaqa va mavjud imkoniyatlar, shu jumladan “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi hududi toʻgʻrisida maʼlumot yetkazishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalari bilan oʻrtoqlashdi.
Uchrashuv davomida Janubiy Koreyaning “GemVax & KAEL” va “DAU Group” kompaniyalari farmatsevtika sohasida hamkorlik qilish boʻyicha takliflarni bildirdi. Ushbu loyihani amalga oshirish istiqbollari, shuningdek, Janubiy Koreya tomonining rejalari va qarashlari muhokama qilindi. Bundan tashqari, Yun Von Jung “Kanaan” kompaniyasi tomonidan Fargʻona viloyatida tayyor kiyim va trikotaj buyumlar ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha investitsiya takliflarini tayyorlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
Tadbir natijasida munozaralarni davom ettirish va maʼlumot almashish, shuningdek, videokonferensaloqa shaklida muntazam muzokaralar oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.