Uchrashuvda Fargʻona viloyati bilan Inchxon shahri oʻrtasida iqtisodiy-investitsion aloqalarni hamda ijtimoiy, madaniy boshqa qator sohalarda samarali hamkorlikni rivojlantirish masalasi muhokama qilindi.

Iqtisodiyoti va sanoati oʻta rivojlangan, xalqaro biznesning markazi boʻlgan Inchxon metropoliten shahri bilan Fargʻona viloyati oʻrtasida hududlararo hamkorlikni koʻp tomonlama rivojlantirishga kelishib olindi.

Koreyaning eng yirik aeroporti joylashgan Inchxondan Fargʻona shahriga toʻgʻridan toʻgʻri aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyish masalasini tezlashtirish boʻyicha fikr almashildi.

Xen Suk Li xonim Inchxon metropoliten shahri meri nomidan viloyat hokimi Xayrullo Bozorovni Inchxonga rasmiy taklif qildi. Viloyat delegatsiyasining Inchxonga tashrifini kelgusi yilda amalga oshirish rejalashtirildi.

Uchrashuv yakunida Fargʻona viloyati va Inchxon oʻrtasida savdo, investitsiya, fan, taʼlim, madaniyat, sanʼat, sport, turizm va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha keng koʻlamli hamkorlikni koʻzda tutgan birodarlashgan hududlar kelishuvi imzolandi.