Fargʻona viloyati va Vengriya oʻrtasida koʻp tomonlama oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatiladi

    Xalqaro hamkorlik 9 Avgust 2022 1157

    Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Vengriya Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Dyula Kovachni qabul qildi.

    Uchrashuvda Fargʻona viloyati va Vengriya oʻrtasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik imkoniyatlari, zamonaviy qishloq xoʻjaligi, sanoat, bank-moliya, farmatsevtika, taʼlim va boshqa qator yoʻnalishlarda hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.

    Muloqot chogʻida ikki Davlat rahbarlarining yaqin, oʻzaro ishonchga asoslangan munosabatlari soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasidagi koʻplab sohalarda aloqalar rivojlanib borayotganining asosiy omili boʻlayotgani alohida taʼkidlandi.

    Vengr jamiyatida, ishbilarmon doiralari oʻrtasida Oʻzbekistonga qiziqish katta ekanini qayd etgan elchi Kovach, oʻzining viloyatimizga ilk tashrifi Fargʻona viloyati va Vengriya oʻrtasida samarali hamkorlikning tamal toshini qoʻyishidan umidvor ekanini bildirdi.

    Uchrashuvda Fargʻona viloyati va Vengriya hududlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy va investitsion aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqishga kelishib olindi.

    Fargʻona viloyati hokimligi va viloyat ishbilarmonlari delegatsiyasining Vengriyaga rejalashtirilgan safari dasturini ishlab chiqish hamda uni oʻzaro manfaatli natijalar bilan amalga oshirish boʻyicha hamkorlikda ish tashkil etishga kelishildi.

    Vengriya qishloq xoʻjaligi va tabiiy fanlar universiteti bilan yangi tashkil etilayotgan Qoʻqon oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish boʻyicha hamfikrlilikka borildi.

    Uchrashuvda viloyat hokimining oʻrinbosari Iqboljon Ergashev hamda Vengriyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha vakili Yanosh Vanik ishtirok etdi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.