Aprel oyida hokim yordamchilari 3 oylik faoliyatining dastlabki natijalari tahlil qilinganda hududida yangi tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻygan, kichik sanoat va servis loyihalarini ishga tushirgan, oilaviy tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashgan 400 ga yaqin hokim yordamchilari bilan birga ishida natija koʻrinmagan, mahallasida ishsizlik koʻrsatkichi yuqori boʻlgan 200 dan ziyod hokim yordamchilari ham borligi maʼlum boʻldi.
Prezidentimiz rahbarligida joriy yil 19-aprel kuni kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan koʻrsatmalar doirasida viloyatimizda eng yaxshi natija koʻrsatgan Bagʻdod tumani “Chekxitoy” MFYdagi hokim yordamchisi Nurmatjon Gʻoziyev Prezidentimiz tomonidan ajratilgan sovgʻa MacBook Pro noutbuki bilan, ijobiy natijaga erishgan 342 nafar hokim yordamchilari esa Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.
Shu bilan birga, viloyatda faoliyati “qoniqarsiz” deb topilgan jami 205 nafar hokim yordamchilarining bilim va koʻnikmalarini oshirish uchun 28-29-aprel kunlari “Hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil qilish, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish yoʻllari” mavzusida ikki kunlik malaka oshirish seminari tashkil etildi.
Ushbu hokim yordamchilarining katta qismi seminarga taklif etilgan oliy taʼlim muassasalari oʻqituvchilari, mutaxassislar tomonidan oʻz faoliyatlarini samarali tashkil qilish boʻyicha berilgan zarur tavsiya va yoʻriqnomalarni yaxshi oʻzlashtirib, ish faoliyatlarini yangidan tashkil qilgan boʻlishsada, lekin oʻnlab mahallalarda ijobiy oʻzgarish qayd etilmadi.
Ushbu tahlillardan kelib chiqib, viloyat shahar va tumanlari boʻyicha faoliyati qoniqarsiz deb topilgan jami 38 nafar hokim yordamchilari oʻz arizasiga asosan vazifasidan ozod qilindi.
Shuningdek, ikki nafar hokim yordamchisi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi sud qarorlariga asosan bekor qilindi.