Maʼlum boʻlishicha, ushbu shaxs Tojikiston Respublikasidan olib kelingan ajal ogʻusini Fargʻona viloyatida yashovchi mijozlarga sotishni rejalashtirgan.

Boshqa holatda esa Qoʻshtepa tumanida vaqtincha yashovchi, 1984-y.t. Tojikiston Respublikasi fuqarosi Margʻilon shahrida istiqomat qiluvchi 3 nafar muqaddam sudlangan sheriklari bilan Toshkent viloyatining Boʻka tumaniga borib, yoʻlning qatnov qismi chetiga tojikistonlik narkosavdogarlar yashirib ketgan 1 kg. 977 gr. “gashish” moddasini olib, ortga qaytayotgan vaqtlarida Namangan viloyatining Pop tumanida qoʻlga olindi. Maʼlum boʻlishicha, ular ushbu zahri qotilni Fargʻona, Margʻilon shaharlari hamda Oltiariq tumanida yashovchi xaridorlarga sotishni rejalashtirishgan.

Qoʻqon shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda giyohvandlik vositalari savdosi bilan shugʻullanuvchi, 2003-y.t. muqaddam sudlangan shaxs va uning 2004-y.t. turmush oʻrtogʻi ushlanib, ulardan 1 kg. 924 gr. “gashish” moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Aniqlanishicha, ushbu ajal ogʻusi ham Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan.

Qoʻqon shahrida qayd etilgan yana bir holatda 1988-y.t., muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxsga tegishli “Kombi” rusumli avtomashina xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, uning yukxonasida Qirgʻiz Respublikasidan keltirilgan 966 gr. “gashish” hamda 976 gr. “opiy” moddalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.