Xususiylashtirish jarayonida yuqori shaffoflik va raqobat muhitini taʼminlash maqsadida mazkur jarayonga dastlabki saralash bosqichi kiritilgan.
Ushbu bosqichda barcha talabgorlarning arizalari eʼlon qilingan malaka mezonlariga muvofiqligi boʻyicha baholanadi. Mazkur saralash bosqichini muvaffaqiyatli yakunlagan talabgorlar keyingi majburiy takliflarni qabul qilish bosqichiga oʻtadilar. Ushbu bosqich shartlari va muddatlari boʻyicha har bir talabgor toʻgʻridan-toʻgʻri elektron pochta orqali alohida xabardor qilinadi.
Ushbu bitim boʻyicha Deloitte xalqaro kompaniyasi hamda Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) jalb etilgan.
Kompaniya toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot:
“Fargʻonaazot” aksiyadorlik jamiyati 1962-yilda tashkil etilgan boʻlib, bugungi kunda Oʻzbekistonda mineral azotli oʻgʻitlar, defoliantlar va sellyuloza atsetatlar ishlab chiqaruvchi yirik korxonalardan biri hisoblanadi. Korxona 3 ta asosiy kompleksga boʻlingan:
Mineral oʻgʻitlarni ishlab chiqarish: AM-76 keng koʻlamli ammiak agregati, konsentratsiyalanmagan AK-72M azot kislota va AS-72M ammiakli selitra ishlab chiqarish, karbamid ishlab chiqarish;
Natriy xlor va magniy xlorat defoliantini ishlab chiqarish;
Asetat tolasi va sellyulozaning murakkab efirlarini ishlab chiqarish.
Bundan tashqari, azot-fosfor oʻgʻitlari AFO, KAS suyuq oʻgʻiti, suyultirilgan azot-kalsiyli oʻgʻit, “Darmon” issiqxona xoʻjaliklari uchun oʻgʻitlar, natriy nitrati, natriy bikarbonati, polietilen paketlar, mineral oʻgʻitlarni konteynerlar bilan taʼminlash uchun polietilen qoplar va boshqa sexlar mavjud. Korxonaning jami ishlab chiqarish quvvati yiliga 2,8 million tonna oʻgʻitni tashkil qiladi.
Kompaniya moliyaviy natijalari yuqori ijobiy dinamikasini namoyish etmoqda. Kompaniyaning sof foydasi 2021-yil yakuniga koʻra 19 foizga oshdi va 348.8 mlrd. soʻmni tashkil etdi.