Fargʻona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Kiberjinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda 2008 va 2009-yillarda tugʻilgan, Fargʻona shahrida yashovchi bir nechta shaxslar ushlangan.
Aniqlanishicha, ular boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan “Hamkorbank”, “Kapitalbank”, “Universalbank”, “Ipotekabank”, “Infinbank” va “Ipak Yoʻli” banklarining plastik kartalarini pul evaziga olib, ulardan foydalanib kelgan.
Ushlangan shaxslardan 4 ta bank plastik kartasi va 2 ta telefon ashyoviy dalil sifatida olingan.
Tezkor tadbir davomida Fargʻona shahrining Mirzo Ulugʻbek mahallasida yashovchi, 2009-yilda tugʻilgan shaxsning xonadoni koʻzdan kechirilganda esa 152 ta bank plastik kartasi va 28 ta telefon aniqlangan.
Tergov davomida mazkur guruhga 2009-yilda tugʻilgan, shaharning Sohibqiron Temur koʻchasida yashovchi shaxs rahbarlik qilib kelgani aniqlangan. Undan ham 4 ta bank kartasi va 2 ta telefon olingan.
Tezkor tadbir materiallariga koʻra, guruh oʻz faoliyati davomida turli platformalardan foydalanib, elektron hamyonlar orqali 8 milliard soʻmga teng operatsiyalarni amalga oshirgan.
Hozirda barcha gumon qilinuvchilar ushlangan. Holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar raqamli texnologiyalar va kriptoaktivlar bilan bogʻliq operatsiyalarni qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshirish zarurligini eslatmoqda.