AQSHning tibbiy asbob-uskunalar va buyumlar ishlab chiqarish va savdosi bilan shugʻullanuvchi “Medzon Health” va "Alsaadi holding" kompaniyalari boshqaruv raisi Abdul Al-Saadi va Saudiyaning “Rosemarin” kompaniyasi rahbari Bassam Al-Saadi bilan oʻtgan muloqotda oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Iqboljon Ergashev dastlab mehmonlarga yurtimizda investorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, qulayliklar, Fargʻona viloyatidagi ishbilarmonlik muhiti haqida maʼlumot berdi.
2015-yilda tashkil topgan va shtab-kvartirasi AQSHning Kaliforniya shtatida joylashgan “Medzon Health” kompaniyasi bugungi kunda Turkiya, Tailand, Malayziya, Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiya kabi davlatlarda oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyganini qayd etgan doktor Al-Saadi, Fargʻonada ham bir qator loyihalarni amalga oshirish istagini bildirdi.
Xususan, muzokaralar davomida Quva tumanida 500 ta ish oʻrniga ega tibbiy buyumlar ishlab chiqarish zavodi loyihasini amalga oshirish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv yakunida hududdagi mavjud shart-sharoitlar oʻrganib chiqilib, istiqboldagi hamkorlik chora-tadbirlarini ishlab chiqishga kelishib olindi.