“Dunyo” axborot agentligi xabar berishicha, maqolada shunday deyiladi:
“Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 18-aprel kuni qabul qilingan “Ishlab chiqarish, eksport va tadbirkorlik faoliyatini ragʻbatlantirish, savdo va sanoat siyosati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi farmonida “Oltin viza“ berish haqida soʻz borgan, – deyilgan maqolada. – Bu masala farmonning 26-bandida oʻz ifodasini topgan“.
Hujjatga muvofiq, investitsiyalarni ragʻbatlantirish maqsadida joriy yil 1-iyundan boshlab xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga 250 ming AQSH dollari hamda ularning har bir oila aʼzosiga (turmush oʻrtogʻi, farzandi va ota-onasi) 150 ming AQSH dollari miqdoridagi toʻlovlar evaziga Oʻzbekistonda yashash guvohnomasi 5-yil muddatga soddalashtirilgan tartibda beriladi.
Qayd etilganidek, “Oltin viza“ dasturi xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, huquqiy kafolatlar berish, mamlakat sarmoyaviy muhitini mustahkamlashga qaratilgan. Shuningdek, bu mamlakat ochiqligi, kapitalni himoya qilish, barqaror xalqaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga katta hissa qoʻshadi.
“Taʼkidlash kerakki, soʻnggi sakkiz yilda, xalqaro maydondagi ziddiyatlarga qaramasdan ochiq va pragmatik tashqi siyosat yurgizish Oʻzbekistonning jahon arenasidagi tashrif qogʻoziga aylandi. Mamlakat, ayniqsa, xorijiy investorlar uchun qulay makonga aylandi. Oʻsib borayotgan iqtisodiy salohiyati bilan ushbu yoʻnalishda Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda eng jozibador manzil hisoblanadi, desak xato boʻlmaydi“, – deb yozgan muallif.
Albatta, xorijiy investorlarni ishonchini qozonish uchun ularga zarur sharoitlar, imkoniyatlar va imtiyozlarni tatbiq etilishi kerak. Bunday yondashuv nafaqat Oʻzbekistonda balki butun dunyo tajribasida mavjud.
2017-yildan boshlab Oʻzbekistonda qulay investitsiyaviy muhitni yaratish boʻyicha tub islohotlar amalga oshirildi. Xususiy mulk egalari, shu jumladan investorlar huquqlari kafolatlari yangilandi, ular hatto Oʻzbekiston Bosh qomusida ham yanada mustahkamlandi. Shuningdek, oʻtgan yillarda xorijiy investitsiyalarni ragʻbatlantirishga oid davlatimiz rahbarining qator qaror va farmonlari, Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatlari qabul qilindi“, – deyiladi nashrda.
Natija ham uzoq kuttirgani yoʻq. Bugun Oʻzbekistonning qaysi goʻshasiga bormang, yangi investitsiyaviy loyihalar va qoʻshma korxonalarga duch kelasiz. Ular yurt ravnaqi, aholi farovonligini taʼminlashga, yangi ish oʻrinlari yaratishga va ijtimoiy obyektlar qurilishiga xizmat qilayapti.
“Bir soʻz bilan aytganda, “Oltin viza“ dasturi respublikaning mehnat resurslari mavjud hududlarida milliy iqtisodiyotni texnik qayta jihozlash, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, davlat obyektlarini xususiylashtirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan“, – deya urgʻulangan “El Mundo Financiero” maqolasida.