Fargʻonada daraxt kesgan fuqaro 45 million soʻm tovon toʻlab, 100 tup daraxt ekadigan boʻldi

    Davlat inspektorlari tomonidan daraxtlarni kesmaslik toʻgʻrisida ogohlantirish xati berilgan. Ammo xodim bunga amal qilmagan.

    Fargʻona viloyati Ekologiya boshqarmasi Margʻilon shahar boʻlimiga shahar bolalar shifoxonasi hududida daraxtlar kesilayotganligi haqida murojaat kelib tushdi.

    Murojaat oʻrganilganida shifoxona hududida texnik xodim M.I. tomonidan bir tup oʻrmon fondiga kirmaydigan koʻp yillik sasna daraxti hech qanday ruxsatnomasiz kesilganligi aniqlandi.

    Maʼlumot uchun, 18-mart kuni shahar ekologiya boʻlimi davlat inspektorlari tomonidan daraxtlarni kesmaslik toʻgʻrisida ogohlantirish xati berilgan. Ammo xodim bunga amal qilmagan.

    Daraxt kesilishi natijasida tabiatga 36 million 500 ming soʻm zarar yetkazilganligi maʼlum boʻldi. Shuningdek, huquqbuzarga nisbatan MJtKning 79-moddasi 1-qismiga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning 25 baravari — 8 million 500 ming soʻm miqdorida jarima belgilandi. M. I. qilmishi uchun jami 45 million soʻm toʻlaydigan boʻldi.

    Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-avgustdagi “Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish va ulardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 464-son qaroriga asosan huquqbuzarga 100 tup daraxt koʻchatini kompensatsiya tarzida ekish hamda ularni kamida 3-yil parvarish qilish majburiyati yuklatildi.