Soʻnggi vaqtlarda ichki ishlar organlari xodimining huquqbuzarlikni toʻxtatish, hujjatlarni tekshirish uchun taqdim etish, ichki ishlar organlariga borish toʻgʻrisidagi qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik, transport vositasini toʻxtatish, jabrlanuvchilarga yordam koʻrsatish haqidagi qonuniy talablarni bajarmaslik, hattoki ayrim holatlarda ularga nisbatan jismoniy kuch ishlatish, huquqbuzarlar tomonidan fuqarolarga ham tan jarohati yetkazish holatlari kuzatilmoqda.
Shu bois ichki ishlar organlari xodimlari hamda jabrlangan fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga real xavf boʻlgan taqdirda huquqbuzarlarning harakatlariga zudlik bilan chek koʻyish uchun maxsus vosita — elektroshok qurilmasidan foydalanish zarurati tugʻilmoqda.
Fargʻona IIB axborot xizmati rahbari Ismoiljon Sharipovning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining meʼyoriy hujjatlarida maxsus vositalar, xususan, elektroshok qurilmasini qoʻllash boʻyicha aniq mezonlar koʻrsatib oʻtilgan. Albatta, ichki ishlar organlari xodimi xizmat faoliyati davomida elektroshok qurilmasini qoʻllashdan avval maxsus tayyorgarlikdan, davriy tekshiruvdan oʻtkaziladi. Maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan xodimga tegishli sertifikat beriladi.
Ayni jarayonda Ichki ishlar vazirligining Malaka oshirish instituti, Maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi maxsus tayyorgarlik oʻquv markazi oʻqituvchilari va malakali tibbiyot xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari xodimlari uchun oʻquv mashgʻulotlari tashkil etildi. Mashgʻulotlarda maxsus vositalar, shu jumladan, elektroshok qurilmasini qoʻllash tartibi, huquqiy asoslari toʻgʻrisida batafsil tushunchalar berildi.
Mashgʻulotlar yakunida hodimlarga belgilangan namunadagi sertifikatlar topshirildi.
Rasuljon KAMOLOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri