Aholiga 170 ga yaqin davlat xizmati ko‘rsatayotgan tizimda kun ora bir yangilik, kun ora bir xizmat kelib qo‘shilyapti.

«Suyunchi puli» ota yoki onaning birini plastik kartasiga o‘tkazilayotgani, fuqarolarga plastik shakldagi kadastr pasporti berilayotgani, 2022-yildan ID-kartalar, ya'ni fuqarolik pasportlari Davlat xizmatlari markazlari orqali berilishi yoxud nikohdan o‘tish uchun beriladigan bir oy muddat bekor qilinishi mumkinligi xususidagi xabarlar barchaga qizik. Chunki, bunday yangiliklar fuqarolarga qulaylik yaratadi va huquqiy jihatdan xabardorligini oshiradi. 

Viloyat bo‘yicha aholi va tadbirkorlarga joriy yil 11 oyi davomida 1 millionga yaqin davlat xizmati ko‘rsatilgan.

Ayni paytda 19 ta tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlari orqali aholiga 160 turdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilyapti. Joriy yilning shu davriga nisbatan markazlar tomonidan 963 ming 446 ta xizmat ko‘rsatilgan. Shuningdek, 23 ming 505 ta yangi tadbirkorlik sub’ektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Shundan 14 ming 36tasini jismoniy shaxslar hamda 9 ming 559 tasini esa yuridik shaxslar tashkil etadi.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida, 54 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Bundan tashqari, tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlari tomonidan 42 ming 259 ta davlat xizmatlari sayyor tartibda hamda 45 ming 527 ta davlat xizmatlari 11 ta filiallar tomonidan ko‘rsatilgan.

2021-yil 11 oyi davomida esa jismoniy va yuridik shaxslarga 494 ming 089 ta bepul davlat xizmatlari ko‘rsatilgan.

Shu kunga qadar eng ko‘p murojaatlar tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, kadastr pasportini shakllantirish, ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga ariza yuborish, bolalarni maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilish bo‘yicha ariza berish, qurilishi tugallangan ob’ektlarni foydalanishga qabul qilish, 20 kilovatdan yuqori bo‘lmagan elektr tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni olish bo‘yicha kelib tushgan.

Afsuski, amalga oshirilayotgan samarali ishlarga qaramay, hamkor davlat organlari va boshqa vakolatli tashkilotlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida ko‘plab qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi ham aniqlangan. Tashkilotlar kesimida tahlil qilinganda joriy yilning 11 oyida jami 5 ming 765 ta qonunbuzarlik holatlari ochiqlangan. Ayniqsa, kadastr, arxitektura va qurilish hamda mahalliy hokimliklarda me'yoriy hujjatlar talablariga rioya etmaslik xolatlari ko‘proq qayd etildi. Shu bois mazkur idoralarga 37 ta taqdimnoma, 321 ta ogohnoma kiritildi, 205 nafar shaxsga nisbatan ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi, deb xabar beradi Davlat xizmatlari agentligining Farg‘ona viloyati boshqarmasi matbuot xizmati.