Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etib, yoshlarni kirib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi, kelgusi faoliyatlariga omad tilagan holda oʻz tavsiyalarini berdi.

Oʻz soʻzida yoshlar uchun soʻnggi yillarda davlatimiz rahbarining yuksak eʼtibori natijasida yaratilgan sharoitlar haqida toʻxtalib oʻtgan viloyat rahbari, xalq roziligi yoʻlida bugun olib borilayotgan izchil islohotlar, zamon bilan hafnafas boʻlgan, yangicha fikrlaydigan, bilimli va zukko yosh rahbarlar talab qilayotganini taʼkidladi. Yoshlar buyuk maqsadlar sari harakatni bugundanoq boshlashlari lozimligini qayd etgan Xayrullo Bozorov, ularga kelgusi ishlarida zafarlar tiladi.

Salohiyatli yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga tayyorlash, ularda liderlik koʻnikmalarini shakllantirish, yosh kadrlarni seleksiya qilish maqsadida faoliyati yoʻlga qoʻyilgan “Kelajak liderlari” klubi aʼzoligi uchun oʻtkazilgan 4 bosqichli ochiq tanlovda 700 dan ziyod 20 yoshga kirgan va 35 yoshdan oshmagan viloyatimiz yoshlari ishtirok etib, ulardan 50 nafari saralab olindi. Bugungi tadbirda ularga viloyat hokimligi va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Fargʻona viloyat filiali qoshida tashkil etilgan “Kelajak liderlari” klubining aʼzolik sertifikatlari tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir davomida Xayrullo Bozorov “Kelajak liderlari” bilan oʻzaro muloqot qilib, klub faoliyatini samarali tashkil etish, bunda eʼtibor qilinishi lozim boʻlgan jihatlar haqida fikr almashdi. Klub aʼzolari yakdillik bilan viloyat rahbariga Fargʻona “Kelajak liderlari” klubining faxriy rahbari boʻlish taklifini ilgari surishdi va bu taklif Xayrullo Bozorov tomonidan qabul qilindi.