Buning uchun hukumatning maxsus qarori ham qabul qilingan. Amalda esa, yillar davomida mana shu chang puli kutubxonachilarga toʻlanmay kelgan. Sojida Rahmonovaning Uchkoʻprik tuman adliya boʻlimiga murojaat qilishining asosiy sababi ham shunda.
— Ilgarilari “chang puli” toʻlab berilgan. Biroq negadir soʻngi yillarda bizlarga berilgan shu imtiyozli mablagʻ toʻlanmay qoldi, — deydi Sojida Rahmonova. — Chunki bilasiz, minglab eski va yangi kitoblar saqlanayotgan kutubxonalarda chang bilan bogʻliq allergik kasalliklar kelib chiqish ehtimoli yuqori. Doʻstlarimning maslahati bilan tuman adliya boʻlimiga murojaat qildim. Buni qarangki, murojaatim qonuniy va ijobiy yechim topdi. 2021-2022 oʻquv yillari uchun “chang puli”ni toʻliq olishga erishdik.
Xolinsa Turgʻunovaning dadasi Zuxra ismini yaxshi koʻrgani uchun uni yoshligidan «Zuxra» deb chaqiradi. Bu esa butun mahallada odatga aylanadi. Yillar oʻtib Toshkent viloyatidan Uchkoʻprik tumaniga kelin boʻlib kelgan Holinsa opaning ikkinchi ismi ham oʻzi bilan birga “keldi”. Biroq yillar oʻtib nafaqaga chiqishga hujjat tayyorlash jarayonida ana shu ikki ism bilan bogʻliq muammolar yuzaga chiqdi. Tuman adliya boʻlimiga murojaat qilgan Xolinsa opaning muammolari sud tartibida ijobiy oʻz yechimini topdi.
— Dadam rahmatli Toxir va Zuhra filmini juda yaxshi koʻrardilar. Shuning uchun meni yoshligimda erkalab negadir Zuhra deb chaqirgan. Bu esa yillar davomida oilamizda, qishloqda odatga aylandi, — deydi Xolinsa Turgʻunova. 1984-1997-yillarda hatto hujjatlarga ham «Holinsa» emas, “Zuhra”, deb yozilgan ekan. Nafaqaga chiqishimda mana shunday ajoyib muammolarga uchradim. Hayriyat, adliya vakillari murojaatimni sud tartibida ijobiy hal qilib berdi.
Adliya boʻlimlarining eng asosiy vazifalaridan biri — aholiga huquqiy koʻmak berish bilan birga, ularning ijtimoiy hayotda buzilgan huquqlarini tiklash va qonunan amaliy yordam berishdan iborat. Birgina Fargʻona viloyatida joriy yilning oʻtgan davri mobaynida adliya organlariga 5 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan va jismoniy va yuridik shaxslarga jami 4 milliard soʻmdan ortiq pul mablagʻlari undirib berilgan.
Eʼtiborlisi, shu arizalarning 27 foizi joylarda tashkil etilgan sayyor qabullar davomida ish yurituvga qabul qilingan va ularning
qariyb 80 foizi ijobiy hal etilishiga erishilgan.
Elyorjon Eksanov,
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi
jamoatchilik bilan ishlash boʻyicha
yetakchi maslahatchisi.