Fargʻonada Xitoy kompaniyalari hamkorligida traktorlar ishlab chiqariladi

    Sanoat 22 Aprel 2025 1782

    Endilikda Fargʻonada Xitoy kompaniyalari hamkorligida yangi dizayn va koʻplab afzalliklarga ega traktorlarni Fargʻonada ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmoqda.

    Qayd etilishicha, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Xenan provinsiyasi Luo Yang shahridagi “Shi Ying Machinery” hamda “Luoyang” kompaniyalarida boʻlib, Li Shiying va rasmiylar bilan oʻtkazilgan muzokaralarda traktorlar ishlab chiqarish loyihasini boshlash masalalarini muhokama qildi.

    Unga koʻra, Quvasoy shahridagi sanoat zonasida umumiy loyiha qiymati 100 million dollar boʻlgan, birinchi bosqichda 30 million dollar sarflanishi koʻzda tutilgan traktorlar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. 2025-yilning yakuniga qadar milliy brend asosida bir nechta rusumdagi traktorlar ishlab chiqariladi.

    Uchrashuv yakunida “yoʻl xaritasi“ asosida amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.

    Maʼlumot uchun, “Shi Ying Machinery” kompaniyasida turli rusumdagi traktorlar, “Luoyang”da esa yoʻl va qishloq xoʻjaligi uchun texnika hamda traktorlar ishlab chiqariladi. 50 dan 300 ot kuchiga ega boʻlgan traktorlarni yigʻish sanoatiga ega kompaniyalar Xitoyda yetakchi oʻrinni egallaydi. Yoʻl xoʻjaligi uchun moʻljallangan texnikalar ham yuqori sifati, ish unumdorligi bilan xaridorgir.