Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan ilk bor oʻrta boʻgʻin rahbarlari, yaʼni tuman, shahar hokimlari oʻrinbosarlari uchun oʻquv mashgʻulotlari yoʻlga qoʻyildi. Fargʻona davlat universitetida boʻlib oʻtayotgan mashgʻulotlarda tuman, shahar hokimlarining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik, qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari ishtirok etmoqda.
Oʻquv-mashgʻulotlari trenerlar tomonidan soha boʻyicha yangi qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlarni “mahallabay” tatbiq etish, ilm bilan amaliyotni bir-biriga integratsiya qilish hamda joyiga chiqib mavjud muammolarni oʻrganish va bartaraf etish yuzasidan strategik vazifalar yoʻnalishida olib boriladi.
– Olti kun davomida “mahallabay” va “fuqarobay” ishlash boʻyicha zarur koʻnikmalarni oʻzlashtiramiz, – deydi Toshloq tumani hokimi oʻrinbosari Avazbek Dehqonov. – Kasbiy muloqotni shakllantirish bilan birgalikda sohamizdagi muammolar yechimiga eʼtibor qaratilayotgani qiziqish uygʻotdi. Masalan, har bir mahallada ichki yoʻllar, elektr energiyasi, ichimlik suv taʼminoti bilan bogʻliq yechimini kutayotgan masalalar bor. Mashgʻulotlarda buni hal etish borasida ilgʻor tajribalar oʻrtoqlashilmoqda, shu bilan birga hududlarni rivojlantirish taqdimotlari ham oʻtkaziladi.