Fargʻonada “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari kunlari doirasida ijodiy uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Mamlakatimizda 15 Dekabr 2023 821

    Bugun Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Fargʻona filiali faollar zalida “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari kunlari doirasida ijodiy uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda viloyat hokimining oʻrinbosari Fayzullo Qosimov, “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharririning birinchi oʻrinbosari Nosirjon Joʻrayev, tahririyatning bir guruh xodimlari, fargʻonalik ijodkorlar, universitet professor-oʻqituvchilari hamda talabalar ishtirok etdilar.

    Ijodiy kechada soʻz olganlar tomonidan yangi Oʻzbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans gʻoyasini amalga oshirish maqsadida olib borilayotgan ishlar, jarayonlarni yoritishda jurnalistlar oldida turgan vazifalar, shiddat bilan oʻzgarib borayotgan bugungi taraqqiyot va rivojlanish har bir ommaviy axborot vositalaridan tezkorlik, xolislikni talab qilayotgani, internet tarmoqlaridagi xabarlar vaqti kelib oʻchirilishi, lekin bosma nashrlarda chop etilgan maqolalar tarix boʻlib qolishi qayd etildi. Gazeta va kitoblarni koʻp mutolaa qilib, uning zavqini olgan inson hech qachon yutqazmasligi, gazeta xabar tarqatadigan oddiy qogʻoz emas, balki gazeta tarbiya maktabi ekani uqtirildi.

    Bu jarayonlarni xolisona yoritib borishda “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalarining ham alohida oʻrni bor ekanligi taʼkidlandi.

    Maʼlumki, “Pravda Vostoka” gazetasi yurtimizdagi eng keksa gazeta boʻlsa, “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi esa eng yosh nashrlardan biri hisoblanadi.

    Tahririyat tomonidan nafaqat bosma nashr chop etilmoqda, balki uning internet, ijtimoiy tarmoqlarda ham oʻz sahifalari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, tezkor axborotlar, tahliliy materiallar, video, intervyular, qiziqarli suhbatlar berib borilmoqda.

    Uchrashuv davomida adabiyotimiz rivojida oʻz oʻrniga ega boʻlgan fargʻonalik marhum ijodkorlar ham yod etildi. Ustoz shoirlar va yosh shoiralar qalamiga mansub sheʼrlar oʻqildi. Talabalarning musiqiy chiqishlari ham barchaga xush kayfiyat ulashdi.

    Tadbir soʻnggida faol gazetxonlar tahririyatning esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.