Joriy yildan eʼtiboran Fargʻona viloyati boʻyicha har bir shahar va tumandan tanlab olingan bittadan maktabda sinov tariqasida Yaponiya taʼlim tajribasi tatbiq etilayotgani, Rishton tumanidagi Noriko-Gakkyu til maktabida 1998-yildan to bugungi kunga qadar 3000 nafarga yaqin yoshlarga yapon tili oʻrgatilib, ularning koʻpchiligi Yaponiyadagi oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga qabul qilingani, kunchiqar yurtda mehnat faoliyati olib borayotgani qayd etildi. Kasbiy dual taʼlim boʻyicha Yaponiya bilan hamkorlikda viloyatimizda ikkita taʼlim markazi faoliyat olib borayotgani maʼlum qilindi.

10 kun davomida viloyatimizdagi qator maktablarda yapon tili va madaniyati boʻyicha ochiq darslar tashkil etishni rejalashtirayotganliklarini qayd etgan Mayuko Ono, yapon tilini oʻrganish va oliy taʼlimni Yaponiyada davom ettirish boʻyicha mavjud imkoniyatlarni yoshlarga tanishtirish tashrifdan koʻzlangan maqsad ekanini bildirdi.

Viloyat hokimining oʻrinbosari Iqboljon Ergashev viloyatda Nippon til oʻrgatish akademiyasining doimiy ofisini hamda yapon tili oʻrgatish markazini tashkil etish taklifini oʻrtaga tashlab, bu Fargʻona va Yaponiya oʻrtasidagi har tomonlama aloqalarni yanada kengaytirishga, viloyatimizga kirib kelayotgan yapon biznesi uchun til biluvchi mutaxassislar sonini koʻpaytirishga xizmat qilishini taʼkidladi.