Fargʻonadan Sverdlovsk viloyatiga meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmi oshadi

    Fargʻona viloyati hokimining oʻrinbosari Alibek Tursunov Rossiyaning Sverdlovsk viloyati Agrosanoat majmui va isteʼmol bozori vaziri Artyom Baxterev boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    “Rosselxoznadzor” Veterinar va fitosanitar nazorat federal xizmatining Sverdlovsk hududiy nazorat inspeksiyasi rahbari oʻrinbosari Svetlana Terexovaning ham ishtirokida boʻlib oʻtgan uchrashuv kun tartibidan Fargʻonadan Sverdlovsk viloyatiga meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmini oshirish hamda turini koʻpaytirish masalalari oʻrin oldi.

    Uchrashuvda Rossiyaning eng yirik hududlaridan biri boʻlgan Sverdlovsk viloyati oʻz ehtiyoji uchun zarur boʻlgan sabzavotlarning 60 foizini hamda mevalarning 80 foizini xorijdan import qilishi qayd etilib, bu borada mavjud bozor imkoniyatlaridan oʻzaro manfaatli asosda foydalanish muhokama qilindi.

    Shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini “Yashil yoʻlak” tizimi orqali soddalashtirilgan tartibda eksport qilish masalalari, bu tartibni yanada takomillashtirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

    Artyom Baxterev ikki viloyat oʻzaro savdo hajmini yanada oshirish maqsadida Sverdlovsk viloyatidan Fargʻonaga uzoq muddat saqlanuvchi sut mahsulotlari, sabzavot ekin urugʻlari, oʻsimlik yogʻi, parrandachilik mahsulotlari, shuningdek zotli hayvon urugʻlari yetkazib berish imkoniyatlari haqida maʼlumot berdi.

    Tomonlar shuningdek, veterinariya sohasida hamkorlik qilishga ham kelishib oldilar.

    Mehmonlar tashrif dasturi doirasida ertaga viloyatimizdagi yirik meva-sabzavot klasterlari va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash korxonalarida, muzlatgichli meva-sabzavot saqlash omborlarida boʻlishadi, sohada amalga oshirilgan yangi loyihalar bilan tanishadilar.