Fargʻonalik informatika oʻqituvchisi Xalq taʼlimi fidoyisi unvoni bilan taqdirlandi

    Ta'lim 4 Fevral 2021 548

    Xalq taʼlimi vaziri barchaning eʼtirofiga sazovor boʻlgan fargʻonalik informatika oʻqituvchisini Xalq taʼlimi fidoyisi unvoni bilan taqdirladi.

    Xalq taʼlimi vazirligi #Zamonamiz_qahramonlari rukni ostida fargʻonalik informatika fani oʻqituvchisi Odinaxon Yoʻldoshevaning Olimpiadaga olib chiqqan barcha oʻquvchilari viloyat fan olimpiadasida mutloq gʻoliblikni qoʻlga kiritib, Respublika bosqichiga yoʻllanma olgani haqida avvalroq xabar bergandi.

    65-IDUMI informatika va axborot texnologiyalari fani oʻqituvchisining faoliyati sanoqli kunlarda barchaning olqish va eʼtiroflariga sazovor boʻldi.

    Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov Fargʻona viloyatiga amalga oshirgan tashrifi doirasida Odinaxon Yoʻldoshevani Xalq taʼlimi fidoyisi unvoni bilan taqdirlab, unga kasbiga boʻlgan sadoqati va fidoiyligi uchun minnatdorlik bildirdi.

    Oʻqituvchi faoliyati haqida maʼlum qilgani uchun bloger Isroil Tillaboyevga vazir tomonidan navbatdan tashqari noutbuk taqdim etildi.

    Eslatib oʻtamiz, Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov oʻqituvchilar orasidan #zamonamiz_qahramonlariʻni topib, ularni elga tanitgan istalgan kasb egasiga har ikki haftada bittadan noutbuk berishni maʼlum qilgan.