Uchkoʻprik tumanida yashovchi hunarmandlar sulolasining beshinchi avlodi hisoblangan Raʼnoxon Boʻtaboyeva qariyb 6 yildan buyon oddiy metaldan zargarlik buyumlarini yasab keladi. Hozirda 30 nafar ishchilari boʻlib, 40 dan ziyod shogirdlari ham mazkur hunarmandchilik sir-sinoatlarini oʻrganib kelyapti.

Xotin-qizlarning bu kabi tadbirkorlik ishlari “Ishbilarmon ayol” koʻrik-tanlovining Fargʻona viloyat bosqichida alohida eʼtirof etildi.

Tadbirda viloyatda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan ilgʻor fermer, hunarmand va tadbirkor xotin-qizlar ishtirok etdilar.

Hakamlar Hayʼatining xulosalariga koʻra, Oltiariq tumanidan “Gʻofforjon nurli kelajak” fermer xoʻjaligi rahbari Orzuxon Nurboyeva viloyat bosqichi gʻolibi deb eʼtirof etilib, tanlovning respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Mazkur fermer xoʻjaligi qishloq xoʻjaligi va chorvachilik sohalarida faoliyat yuritib keladi. 2020-yil davlat dasturi orqali Germaniyadan 32 bosh nasldor mollar olib kelgan. Fermerning rejali katta. U kelgusida ish faoliyatini kengaytirib, sutni qayta ishlashni ham yoʻlga qoʻymoqchi.