5-aprel kuni Toshkent shahar IIBBga “Farhod” dehqon bozori hududida tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi fuqaro ariza bilan murojaat qilib, unda bozor direktori va uning xavfsizlik boʻyicha oʻrinbosari Toshkent shahar hokimining 2021-yil 19-fevraldagi 203-sonli “Elga xizmat” va “Arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari” savdo nuqtalaridan toʻlov olinmasligi haqidagi qaroriga zid ravishda pul undirib kelayotganini maʼlum qilgan. Bozor rahbariyati pulni toʻlamaganlarni bozordan chiqarib yuborish bilan qoʻrqitib, 2021-yil sentyabr oyidan buyon har 10 kunlik savdo faoliyati uchun 660 ming soʻmdan pul mablagʻlarini kassir orqali olib kelgan. Tadbirkor oxirgi 2 oy uchun 3,4 million soʻm toʻlashni noqonuniy ravishda talab qilayotganliklarini bildirib, ularga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.
Mazkur arizaga asosan, shu kuni Toshkent shahar IIBB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boʻlimi hamda DXX Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Tadbirda “Xalq banki” Uchtepa filialining “Farhod” dehqon bozoriga xizmat koʻrsatuvchi kassiri, xizmat xonasida ariza muallifidan 3,4 million soʻm olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shuningdek, uning yonidan kunlik tushumdan inkassatsiya qilingan 8,3 million soʻm va inkassatsiya qilinmagan 9,15 million soʻm pul mablagʻlari borligi aniqlanib, olingan.
Tezkor tadbir davomida “Farhod” dehqon bozori direktori hamda uning xavfsizlik boʻyicha oʻrinbosari ushlanib, uning Gentra rusumli avtomashinasidan qariyb 25 million soʻm pul mablagʻi borligi aniqlangan.
Holat yuzasidan 2022-yil 6-aprel kuni Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 224-moddasi tartibida ushlangan. Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.