Farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-dekabr kuni “Tashkent Pharma Park” innovatsion klasterida farmatsevtika sohasidagi korxonalar rahbarlari bilan muloqot qildi.

    Ham iqtisodiy, ham ijtimoiy ahamiyatga ega bu sohaga davlat tomonidan keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Oxirgi yetti yilda farmatsevtikada ishlab chiqarish 2 karra oshgan. Eksport 11 barobar ko‘paygan. 750 million dollar investitsiya o‘zlashtirilib, korxonalar soni 3 barobar o‘sgan.

    Yurtimizda 3,5 ming turdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqarilayapti. Lekin bu talabni to‘la qoplamaydi.

    Shu bois davlatimiz rahbari ko‘p turdagi dorilarni mahalliylashtirish va eksportni kengaytirish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

    Asaka bank va Farmatsevtika agentliga yirik mahalliy korxonalar bilan birga 2025-yilda keng iste’mol qilinadigan 200 turdagi dori vositalarini o‘zlashtirish hamda ishlab chiqarishni 2 barobar oshirish bo‘yicha dastur tayyorlash topshirildi. Bunday loyihalarga xorijdan jalb qilingan 400 million dollar qulay shartlarda yo‘naltiriladi.

    Endi farmatsevtika tarmog‘ida Ilg‘or loyihalar investitsiya jamg‘armasi tashkil qilinadi. Bu jamg‘arma biofarmatsevtika, hujayra texnologiyalari, onkologiya kabi yo‘nalishlardagi loyihalarga ulush bilan kiradi, ularga katalizator bo‘ladi.

    Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan Asakabankka sohani rivojlantirish uchun 100 million dollar kredit liniyasi ochilgan. Endi bu mablag‘ lizing uchun ham beriladi.

    Asaka bank tomonidan farmatsevtika sohasida yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish va startap loyihalarni moliyalashtirish uchun 10 million dollarlik venchur kompaniya ochiladi. Startap loyiha chetdan qancha mablag‘ jalb qilsa, mazkur kompaniya shuncha pulni qo‘shimcha ekspertizasiz beradi.

    Yangi ishlanmalar uchun Innovatsiya jamg‘armasidan 20 milliard so‘m grant ajratiladi. Bu olimlar yaratayotgan yangi mahalliy dori ishlanmalarini tijorat loyihasiga aylantirish va startaplar uchun yo‘naltiriladi.

    Mahalliy farmatsevtika korxonalariga 2025-yil 1-yanvargacha berilgan bojxona imtiyozlari muddati yana 3-yilga uzaytiriladi.

    Mamlakatimiz korxonalari yetakchi xorijiy farmatsevtika kompaniyalari texnologiyasi va retsepti asosida dorilar chiqarishga tayyor. Lekin bunday kooperatsiya uchun huquqiy asos yaratilmagani sababli har bir dorini yangi mahsulot kabi klinik tadqiqot va ro‘yxatdan o‘tkazishga to‘g‘ri kelayapti. Bunga ko‘p vaqt ketadi. Shu bois bu tartibni soddalashtirish muhimligi aytildi.

    Tadbirkorlarning eksport bozorlarini kengaytirish uchun AQSHning Oziq-ovqat va dori vositalari sifati nazorati boshqarmasi (FDA) hamda Yevropa tibbiyot agentligi sertifikatlarini olish xarajatlari byudjetdan qoplab beriladi.

    Yurtimizda o‘simliklarni sanoat usulida yetishtirib, qayta ishlash orqali substansiya va kosmetik komponent olish rivojlanayapti. Shunga muvofiq, Asaka bank ishtirokida kelgusi yilda har biri 5 gektardan bo‘lgan dorivor o‘simliklar plantatsiyasi barpo etilib, ularni qayta ishlash bo‘yicha 5 ta namunaviy loyiha bajariladi.

    Umuman, farmatsevtikada 1 milliard dollarlik loyihalar shakllantirilishi belgilandi. Ular talab yuqori dori vositalarini chet elnikidek sifatda ishlab chiqarib, bozorda raqobat yaratib, narxlarni arzonlashtirishga qaratilgan.

    Muloqotda soha vakillari ishlab chiqarishni rivojlantirish, mahsulotlar sifati va eksportini oshirish, ilm va ta’limni rag‘batlantirish bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirdi.