“Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori bu borada oʻz vaqtida qabul qilingani bilan ahamiyatlidir. Ushbu hujjat bilan aholi ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini tubdan takomillashtirish yuzasidan ixtisoslashtirilgan psixiatriya va narkologiya yordami koʻrsatishning yagona vertikal boshqaruv tizimini joriy etish belgilandi.

Qarorda birlamchi boʻgʻin tibbiyot muassasalariga ruhiy salomatlikni muhofaza qilish xizmatlarini integratsiya qilish, ruhiy holati buzilgan shaxslarni dori vositalari bilan ehtiyojga koʻra toʻliq taʼminlash koʻzda tutilgan. Shuningdek, aholi, ayniqsa, bolalar va oʻsmir yoshlarning ruhiy salomatligini mustahkamlash, sohada kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, mutaxassislarni munosib ragʻbatlantirish va samarali mehnati uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish, psixiatriya muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga qaratilgan qator vazifalar belgilab berildi.

Endilikda Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga aylantirilib, faoliyati qayta tashkil etiladi. Tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida tibbiy psixolog, statsionar oʻringa ega boʻlmagan ruhiy-asab kasalliklari dispanserlari va tarkibida dispanser mavjud boʻlgan ruhiy kasalliklar shifoxonalarida suitsidolog, statsionar oʻringa ega boʻlgan ruhiy-asab kasalliklari dispanserlari va ruhiy kasalliklar shifoxonalari qabul boʻlimida bir qator shifokorlar shtatlari joriy etiladigan va xodimlar ruhiy holati buzilgan shaxslarni aniqlash va ular bilan ishlash boʻyicha oʻqitiladigan boʻldi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida oʻquvchilarda oʻzini oʻzi boshqarish, murakkab hayotiy vaziyatlarni yengib oʻtish koʻnikmasini shakllantirish, depressiya, xavotirli holatlar va suitsidlarning oldini olish boʻyicha maxsus ijtimoiy-emotsional oʻquv soatlarini (Social Emotional Learning, SEL) umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi.

Sohani malakali kadrlar bilan taʼminlashni yanada yaxshilash borasida xodim “psixiatriya”, “sud psixiatriyasi”, “tibbiy psixologiya” va “narkologiya” yoʻnalishlari boʻyicha qayta tayyorlov, “Psixiatriya”, “Tibbiy psixologiya” va “Narkologiya” klinik ordinatura va magistratura mutaxassisliklariga oʻqishi, ushbu yoʻnalishlar boʻyicha nufuzli xorijiy tibbiyot muassasalari hamda markazlarida malaka oshirish va stajirovka oʻtashi tashkil etiladi. Shuningdek, davlat tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan psixiatr, tibbiy psixolog, psixoterapevt hamda suitsidologlarning lavozim maoshiga ustama miqdori 25 foizdan 50 foizga oshirildi.

Ruhiy holati buzilgan shaxslar ambulator sharoitda davolanishi uchun ularni imtiyozli asosda dori vositalari bilan taʼminlashga 2023-yilda qoʻshimcha 10 milliard soʻm mablagʻ ajratilib, keyingi yillarda davlat byudjeti parametrlarida mablagʻlar nazarda tutilishi belgilab qoʻyildi. Bu esa, tibbiyot muassasalarini, shu jumladan, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarini ruhiy holati buzilgan shaxslarni davolash uchun dori vositalari bilan ehtiyojga koʻra toʻliq taʼminlash imkonini beradi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining ruhiy holat buzilishlari va nevrologik buzilishlar, shuningdek, psixofaol moddalarni isteʼmol qilish bilan bogʻliq buzilishlarda yordam koʻrsatish boʻyicha harakatlar dasturi (Mental Health Gap Action Programme) amalga oshiriladi. Mutasaddi vazirlik va idoralar tizimida faoliyat yurituvchi psixologlar, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat ruhiy salomatlikni muhofaza qilish masalalari boʻyicha jamoatchilik kengashi tashkil etilib, ular tomonidan ushbu sohadagi muammoli masalalarni muhokama qilish, psixologlar faoliyatini samarali tashkil etishga koʻmaklashish, sohaga zamonaviy texnologiya va usullarni tatbiq etishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Bundan tashqari, psixiatriya va narkologiya muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning faoliyatini raqamlashtirishni jadallashtirish, nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorligini kuchaytirish, psixiatriya yoʻnalishi boʻyicha davolash standartlari va klinik bayonnomalarini qayta koʻrib chiqish belgilangan. Markazda ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, ruhiy holat buzilishlari, ularning boshlangʻich alomatlari hamda oʻz vaqtida davolanmaslikning salbiy oqibatlari toʻgʻrisida aholining xabardorlik darajasini oshirish borasida vazifalar va ularni amalga oshirish mexanizmlari ham aniq belgilab qoʻyildi. Bunday saʼy-harakatlar, albatta, ruhiy holati buzilgan shaxslarni erta aniqlash, davolanishini tashkil etish va ruhiy holati buzilishi natijasida kelib chiqadigan noxush holatlarning oldini olish uchun zamin yaratadi.

Ushbu hujjat ijrosi aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini takomillashtirish, ruhiy holat buzilishlarini erta aniqlash, ularga tashxis qoʻyish, davolash sifatini oshirish, sohada samarali boshqaruv tizimini joriy etishga zamin yaratadi. Bu borada ilm-fanni rivojlantirish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish va psixiatriya muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, aholiga oʻz vaqtida psixiatriya yordami koʻrsatilishini tashkil etishga xizmat qiladi.

“Ruhiy salomatlik” tushunchasi, bu – inson oʻz imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishi, hayotning normal stresslariga dosh bera olishi, sifatli va samarali mehnat qilishi, shuningdek, jamiyatda oʻz hissasini qoʻshishi mumkin boʻlgan farovonlik holati sifatida tavsiflanadi. Shu nuqtayi nazardan, mazkur qarorda belgilangan vazifalar oʻz vaqtida ijro etilishi aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifatini oshirishda muhim qadam boʻladi.

Zumrad BEKATOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi depututi