Chunki ayol oʻz jigargoʻshasini sotish orqali kechirib boʻlmas – odam savdosi jinoyatiga qoʻl urdi.
Sudda aniqlanishicha, bu ona Guliston shahrida oʻzi bilan birga istiqomat qiluvchi voyaga yetmagan qiz farzandini tanishiga 5.700.000 soʻm evaziga sotib yuborgan. Sudlanuvchi sud majlisida farzandini sotish maqsadi boʻlmaganligini, moddiy jihatdan qiynalganligi hamda yashash joyi yoʻqligi, hatto farzandining ovqati uchun ham pul topa olmaganligini aytdi. Dorixonalardan hamda farzandining enagasidan qarzdor boʻlib qolganligi sababli, ushbu qarzlarni qoplab berish evaziga farzandini sotishga majbur boʻlganligini maʼlum qildi.
Ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlashni soʻragan sudlanuvchining bu vajlari sud tomonidan inobatga olinmadi. Sudlov hayʼati, sudlanuvchi ayolning aybi oʻzi va guvohlarning koʻrsatuvlari, uyali aloqa telefonidagi SMS xabarnomalarni va soʻzlashuvlarni koʻzdan kechirish bayonnomalari hamda jinoyat ishida toʻplangan boshqa obyektiv dalillar yigʻindisi bilan oʻz isbotini topgan, deb hisobladi. Farzandini arzimagan pul evaziga sotishni afzal bilgan ayolga sud tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli bandi bilan uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Endi ayolning 3 yillik umri qamoqda oʻtishidan tashqari bu ayolni bir umrga farzand dogʻi ham azoblashi aniq.
Shuhratjon Ismailov,
viloyat sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati sudyasi.