Murojaat muallifining yozishicha, u 2015-yilda turmush oʻrtogʻi V.M.dan qonuniy ajrashgan, ular oʻrtasida 2013-yilda tugʻilgan bir nafar oʻgʻil farzand bor. Sobiq turmush oʻrtogʻi V.M. alimentdan qarzdorligi sababli hamda taqiqda boʻlishiga qaramay noqonuniy yoʻl bilan Oʻzbekiston Respublikasidan chiqib ketadi va Rossiya Federatsiyasida yashab yuradi. V.M.ning hozirgi kunga qadar toʻlanmasdan kelinayotgan aliment qarzdorligi 50 mln. soʻmdan ortgan. Murojaatchi A.S. 2019-yilda turk fuqarosi bilan qonuniy nikohdan oʻtadi. Sobiq turmush oʻrtogʻining koʻp miqdorda aliment qarzdorligi vujudga kelganligi sababli, A.S. oʻz oʻgʻlini Turkiya davlatiga olib ketishida otaning ruxsati shart boʻlmagan.
Turkiya davlatida farzandining yashashi uchun barcha sharoitlar mavjud, biroq Turkiya davlati qonunlariga koʻra, voyaga yetmagan chet el fuqarolarining qonuniy roʻyxatdan oʻtishi uchun ota-onasining ruxsati boʻlishi belgilangan. Ushbu ruxsat boʻlgandagina farzand maktabda taʼlim olishi mumkin. Ammo, bolaning sobiq otasi bunga rozilik bermagan.
Mazkur murojaat Ombudsman tomonidan nazoratga olinib, oʻrganildi. Sobiq er-xotinlarning oʻzaro shaxsiy xusumati tufayli ota V.M. oʻz oʻgʻliga Turkiya davlatida qonuniy roʻyxatdan oʻtishi uchun rozilik berishdan bosh tortgan. Murojaatchi A.S.ning farzandi hozirgi kunda 8 yoshga toʻlishiga qaramay maktabga bora ololmagan. Ushbu masala yuzasidan A.S.ning akasi ishonchnoma asosida V.M.ni otalikdan mahrum qilish boʻyicha Fuqarolik ishlari boʻyicha Urgut tumanlararo sudiga daʼvo arizasini kiritgan.
Shuni taʼkidlash joizki, V.M.ning 50 mln. soʻmdan ortiq aliment qarzdorligi boʻlib, 7 yil mobaynida u oʻz farzandini biror marta ham koʻrmagan va xabar olmagan, na moddiy, na maʼnaviy hech qanday yordam koʻrsatmagan, otalik burchini bajarishdan bosh tortib kelayotgan, qonunga zid ravishda Oʻzbekistondan chiqib ketgan sobiq turmush oʻrtogʻini (V.M.ni) otalik huquqidan mahrum qilish masalasi Oliy sudgacha yetib kelgan.
Bola huquqlari boʻyicha vakilning mazkur ish yuzasidan Oliy sudga kiritgan xulosasi hamda nazorat instansiyasida Ombudsman vakilining ishtirok etishi bilan murojaatchining sobiq turmush oʻrtogʻi otalikdan mahrum qilinib, Turkiya davlatida onasi bilan yashab kelayotgan oʻgʻil maktabga borib taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻldi, deb xabar beradi Oliy Majlisning inson huqulari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.