Faxriy jurnalistlarga "Mehnat faxriysi" koʼkrak nishoni topshirildi

    Oʼzbekiston Milliy matbuot markazida mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan Oʼzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan “Yangi Oʼzbekiston jurnalistikasi: ustoz-shogird anʼanalari davom etadi” mavzuida davra suhbati boʼlib oʼtdi.

    – Ushbu tadbirimizni Oʼzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi huzuridagi Faxriy jurnalistlar kengashi bilan hamkorlikda tashkil qildik, – dedi uyushma raisi Olimjon Oʼsarov. – Soʼnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning keng va izchil, xolis yoritilishida OАV vakillari jamiyatimizning koʼzgusi vazifasini oʼtamoqda, desak mubolagʼa boʼlmaydi. Bu borada yoshlarga munosib ustozlik qilib kelayotgan faxriy jurnalistlarning mehnatini eʼtirof etish muhim. Chunki bugun nafaqat markaziy, balki hududiy nashrlarimizda ham mahorat maktablari faoliyati yoʼl qoʼyilgan boʼlib, ularda oʼz sohasining yetuk jurnalistlari, xususan, nuroniylarimiz yoshlarning sohadagi bilim va tajribasini oshirishda beqiyos xizmat qilmoqda.

    Davra suhbatida Faxriy jurnalistlar kengashi raisi Jabbor Razzoqovning “Faxriy jurnalistlar kengashining ustuvor vazifalari”, “Фарғона ҳақиқати” – “Ферганская правда” gazetalari bosh muharriri Muhammadjon Obidovning “Mahorat maktabi: ustoz va shogird anʼanalarining yangi talqini” mavzusidagi maʼruzalari tinglandi. Faxriy jurnalist Sharof Ubaydullaev bugungi zamonaviy jurnalistikada “ustoz-shogird” anʼanalarining ahamiyati haqida oʼz fikr-mulohazalarini bildirdi.

    – Yangi Oʼzbekistonning qiyofasi shakllandi. Shunga muvofiq matbuoti ham yangilikka intilishi kerak, – dedi Faxriy jurnalistlar kengashi raisi, “Mehnat faxriysi” koʼkrak nishoni sohibi Jabbor Razzoqov. – Bu borada davlatimiz rahbari jurnalistlarga imkoniyat yaratmoqda. Hududlarga rasmiy tashriflari davomida jurnalistlar bilan uchrashib, ularning fikri bilan qiziqmoqda, ularga ishonch bildirmoqda. Ikki yildan beri uyushma huzurida kengashimiz faoliyatini yoʼlga qoʼydik. Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni yoritishda, tahlil qilishda, ishonamanki, nuroniy jurnalistlar ham faol qatnashadi.

    Tadbir soʼnggida ustoz jurnalistlardan bir guruhiga “Mehnat faxriysi” koʼkrak nishoni topshirildi.