Farg'ona viloyatidagi yirik ishlab chiqarish subyektlaridan biri bo'lgan “Fergana Global Textile” korxonasi Mustaqillik bayramining 30 yilligiga munosib tuhfa hozirladi. Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabariga ko'ra, korxonaning yangi to'qimachilik majmui ish boshlayapti.

Bugun korxonaning tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Uning doirasida ishlab chiqarishda faol bo'lgan bir guruh ishchi-xodimlarga qimmatbaho sovg'alar topshirildi.

Rasmiy ochilish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, O'zbekiston paxta-to'qimachilik klasterlari uyushmasi raisining birinchi o'rinbosari Sa'dulla Tojiyev ishtirok etdi.

Shuningdek, korxonaga press-tur tashkil etilib, 20 dan ortiq markaziy OAV vakillari va blogerlar jalb etildi. Ular yangi to'qimachilik majmuida bo'lib, ishlab chiqarish va eksport salohiyati, ishchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.