Jamiyatda korrupsiya murakkab ijtimoiy hodisa sifatida namoyon bo'lib, unga qarshi kurashishga qaratilgan faoliyat kompleks-majmuaviy tarzda muntazam ravishda izchil amalga oshirilishi yaxshi natija berishi mumkin. Shu maqsadda Fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalarini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi faoliyatida ham korruptsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish ustida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Hatto, jamg'arma faoliyati ISO 9001:2015 va ISO 37001:2016 xalqaro standartlar bo'yicha sertifikatsiyadan o'tkazildi. Shu munosabati bilan bo'lib o'tgan tadbirda xalqaro sertifikatning ahamiyati va u yuklaydigan majburiyatlar haqida so'z bordi.
Ta'kidlanishicha, Jamg'arma oldiga Xalqaro standartlar ISO 9001:2015 “Sifat Menejmenti Tizimi”, ISO 37001:2016 “Korruptsiyaga qarshi kurashish menejment (pora olish-berish bilan kurashish) tizimi” talablari asosida integratsiyalashtirilgan menejment tizimini joriy qilish vazifasi belgilangan edi.
Shu asosda, xalqaro standartlar tizimi talablari asosida integratsiyalashtirilgan menejment tizimini ishlab chiqish va joriy etishda konsultatsiya xizmati hamda sertifikatlarini olish bo'yicha Tovar xomashyo birjasining maxsus axborot portalida e'lon joylashtirilib, tanlov g'oliblari aniqlandi. Hozirda ISO 9001:2015 va ISO 37001:2016 xalqaro standartlar tizimini ishlab chiqish va joriy etishda konsultatsiya xizmatlaridan foydalangan holda barcha zaruriy xujjatlar ishlab chiqilib, Jamg'arma tizimida amalda joriy qilinmoqda.
— Jamg'armada IMT (integratsiyalashtirilgan menejment tizimi)ni joriy qilishdan maqsad ishda sifatni ta'minlash, shu bilan birga, manfaatdor tomonlar ishonchini qozonishga erishishdan iborat, — deydi Jamg'armaning Lizing faoliyatini amalga oshirish bo'limi boshlig'i Abbos Madiyev. — Umuman, joriy qilingan IMT ya'ni, sifat menejmenti tizimi(SMT) va korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi faoliyatiga ta'sir qilishi mumkin hisoblangan (“ichki” va “tashqi” muhitlarda) salbiy va ijobiy omillarni aniqlash maqsadida, Jamg'arma mutaxassis xodimlari ishtirokida SWOT tahlil o'tkazildi, risklarni identifikatsiyalash amalga oshirildi, natijada faoliyatni yaxshilash uchun eng dolzarb hisoblangan yo'nalishlar tanlandi.
Jamg'arma faoliyati ISO 9001:2015 va ISO 37001:2016 xalqaro standartlar bo'yicha sertifikattsiyadan o'tkazilishining auditi dastlabki bosqichi joriy yilning 17-18-avgust kunlari, ikkinchi bosqichi esa 18-19-oktyabr kunlari o'tkazilgan. Audit natijalariga ko'ra, Jamg'armaning “Fermer, dehqon xo'jaliklari, “Tomorqa xizmati” MCHJlar va tomorqa yer egalarini kreditlash uchun tijorat banklariga resurs ajratish, shuningdek shu sohada lizing faoliyatini amalga oshirish” faoliyati sohasi ISO 9001:2015 va ISO 37001:2016 xalqaro standartlar bo'yicha sertifikatsiyadan muvaffaqiyatli o'tkazildi.
Jamg'arma tomonidan amalga oshirilayotgan korruptsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish ishlari kelgusida Jamg'arma mablag'larining samarali va manzilli ishlatilishiga, korruptsiyaga qarshi kurashishda qonun hujjatlarini talab darajasida takomillashtirishga, xodimlar va mijozlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, ularning ongida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni muntazam ravishda shakllantirib borishga xizmat qiladi.