Prezidentimiz raisligida 13-aprel kuni o'tkazilgan videoselektor yig'ilishda yoshlar bandligini ta'minlashdagi muhim yo'nalishlardan biri bu qishloq xo'jaligi ekani alohida ta'kidlandi. Bugungacha respublika bo'yicha 21 ta tumanda 2 mingdan 4 yarim ming nafargacha yoshga dehqonchilik uchun yer ajratilgani, yerli bo'lgan yoshlarga fermer va klasterlar amaliy yordam ko'rsatishi muhimligi ta'kidlandi.

Jizzax viloyatining Do'stlik tumanida bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun kunda hududning 2 ming 490 nafarga yaqin o'g'il-qizlariga 1 ming 245 gektar yer maydonlari ajratib berilgan. Asosan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro'yxatda turgan ushbu yoshlar endilikda o'zlariga berilgan maydonlarda dehqonchilik qilib, daromad olish, oila byudjetini to'ldirish imkoniyatiga ega bo'lishyapti. Ular doimiy ish bilan ta'minlanib, tajribali dehqon-fermerlardan dala ishlari sirlarini o'rganadi, shu bilan birga, elu-yurt dasturxonining yanada to'kin bo'lishiga o'z hissalarini qo'shishadi.

— Oilamizning biron bir a'zosi doimiy daromadga ega emas, — deydi “Navro'z” mahallasi fuqarosi Fotima Ummatova. — Shuning uchun singlim Zuhra ikkimizga 1 gektar yer ajratilgani bizni nihoyat xursand qildi. Kuni kecha bu yerga mosh ekdik. Bunda bizga tuman hokimligi, fermerlar uyushmasi katta yordam berdi. Urug'lik, texnika bilan ta'minlashdi. Mutaxassislar “mosh qisqa muddat ichida — uch oyda pishib yetiladi”, deyishmoqda. Agar shunday bo'lsa, iyul oyida hosilni yig'ishtirib olib, bu yerga ikkinchi ekin  — kungaboqar ekishni rejalashtirib turibmiz.

Diqqatga sazovor tomoni, yoshlarga yer berish tashabbusini tuman fermerlari, ular bilan yaqindan hamkorlik qilib kelayotgan “Sangzor tekstil`” MCHJ agroklasteri vakillari ham yakdillik bilan qo'llab quvvatladi.

— Xo'jaligimizning 5 gektar maydonini kam ta'minlangan oilalarning 10 nafar farzandiga bo'lib berdim, — deydi “O'lmas Zebuniso” fermer xo'jaligi rahbari, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Omongul Hayitova. — Serhosil, suv yo'liga yaqin ushbu maydonga kuni kecha dukkali ekin urug'i tashlandi. Dalani tayyorlash, ekin ekish ishlarini ham o'z zimmamga oldim. Yerli bo'lgan yoshlarning ko'zlarida aks etgan quvonchni ko'rib, o'zimiz ham to'lqinlanib ketdik. Shubhasiz, ishga chanqoq, qiyinchiliklardan cho'chimaydigan ushbu yoshlar doimo bizning e'tiborimizda bo'lishadi.

Yurtimizda keng qamrovda muvaffqiyatli davom etayotgan “Obod qishloq” davlat dasturining qalg'irg'och manzili sifatida tarixga kirgan Manas mahallasi yoshlarga ikkilamchi shartnoma asosida yer maydonlari ajratib berish borasida ham boshqalarga namuna bo'lyapti. Mahallaning oz emas-ko'p emas, 453 nafar yoshlariga ushbu hududga yondash “Manas” va “Jizzax ostonasi” fermer xo'jaliklari hududiy uyushmalaridan er maydonlari ajratib berildi.

— 265 yarim gektar maydon hazilakam er emas, — deydi mahalla raisi Abdujalil aka Kenjayev. — Bu yerlardan o'rtacha 900 tonnaga yaqin paxta, 1 ming 500 tonna atrofida g'alla olish mumkin edi. Ammo biz uchun birinchi galda yoshlarimiz taqdiri, ularning o'z hayotlaridan, bugungi kunidan mamnun holda yashashlari muhim. Shuning uchun ham fermerlarimiz hech ikkilanmasdan yigit-qizlarga ko'mak berishyapti. Ularni yer, texnika, o'g'it va suv bilan ta'minlamoqda.

Yoshlarga yer maydonlari ajratib berish borasidagi ishlarda tumanning 2-sektorida qayd qilinayotgan ko'rsatkichlar diqqatga sazovor. Tuman prokurori etakchiligidagi ushbu sektor tarkibiga “Qahramon”, “Chinobod” va “Oltin vodiy” mahallalari kiradi. Ana shu hududlarning 960 nafar yoshlariga 480 gektar yer bo'lib berildi.

— Sektormiz hududida yoshlarga er ajratib berish borasidagi ishlarni puxta va aniq reja asosida tashkil qilish choralari ko'rilmoqda, — deya ma'lumot beradi tuman prokurori Akbar Sakiyev. — Yer egasiga aylangan bironta yigit-qiz, biron sotix yer e'tibordan chetda qolmaydi. Agrar soha mutaxassislari va tajribali sohibkorlar tavsiyasi binoan yoshlarga ajratilgan maydonlardan unumli foydalanish maqsadida ularga kamida ikki marta hosil olinishi mumkin bo'lan ekinlarni ekish tavsiya qilinyapti. Bu borada ham ichki, ham tashqi bozorda raqobatbardosh bo'lgan mosh, loviya, qizil loviya, soya, yer yong'oq kabi ekinlarga ko'proq e'tibor qaratilmoqda. 

Yana bir e'tiborli jihati, bu boradagi tadbirlarga tumandagi qariyb barcha sohalarning vakillari, barcha bo'g'in raxbarlari ham o'zlarini daxldor sezishmoqda. Davlat va jamoat tashkilotlari, o'zini o'zi boshqarish idoralari, katta-kichik jamoalar yetakchilari ushbu muhim va dolzarb, shu bilan birga, savobli va xayrli ishga o'z hissasini qo'shishga bel bog'lagan.

— Yoshlarga ajratilgan yerlardan unumli foydalanish, bu sohada yuzaga kelishi mumkin bo'lgan barcha masalalarning o'z vaqtida ijobiy echim topishini nazorat qilishni 20 nafar mahalliy deputatlarimiz o'z zimmalariga oldi, — deydi Do'stlik tumani hokimi, xalq deputatlari tuman kengashi raisi Shavkat Darvishev. — Ular hozir to'liq dalalarga otlanishgan.

Bahorning kechikkani ekin-tikin yumushlarining ham kechikishiga sabab bo'lmoqda. Shuni e'tiborga olib, yoshlarga ajratilgan erlarda amalga oshirilayotgan ishlarning boshqa dehqonchilik tadbirlariga xalaqit bermasligi, aksincha, bu ularni birgalikda, uyushgan holda amalga oshirish choralari ko'rilmoqda.

— Vohamizda yetishtiriladigan qovun-tarvuzlarning dong'i yetti iqlimga taralgan, — deydi “Qahramon” mahallasi fuqarosi Malika Burgutova. — Aynan shuning uchun ham men o'zimga ajratilgan 50 sotix yerga qovunning “obinovvot” navini ekishga ahd qildim. Nasib qilsa, mo'l hosil olib, uni biz kabi mehr-muruvvatga muhtoj yoshlarni har tomonmlama qo'llab-quvvatlayotgan Prezidentimiz va xalqimizga tortiq qilaman.

Do'stlik azaldan agrar sohada peshqadam tumanlardan sanaladi. Jizzax viloyatida yetishtiriladigan asosiy ekinlar — paxta va g'allaning 25 foizi aynan mana shu hudud hissasiga to'g'ri keladi. Bu esa, tumanda o'z ishining ustasi bo'lgan dehqonlar ko'pligini tasdiqlaydi.

Eng muhimi, ana shu mirishkor dala zahmatkashlari endilikda yurtboshimiz tashabbusi bilan yerli bo'lgan yoshlarni o'z yonlariga olishga, ularga yo'l-yo'riqlar ko'rsatishga, qo'llaridan keladigan hamma yordamni berishga tayyorligi ham kishini mamnun etadi.

Xudoyberdi KARIMOV,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri