Oʻzaro muloqot davomida fuqarolarning saylov huquqlarini kafolatlash borasida mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar, saylovni tashkil etish hamda siyosiy jarayonlarni ochiq va shaffof yoritilishi haqida soʻz bordi.

Taʼkidlanishicha, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda saylovga oid qonunchilikni xalqaro standartlarga mos ravishda takomillashtirilishi natijasida saylov jarayonlarini boshqarish boʻyicha avtomatlashtirilgan tizim va saylovchilarning yagona elektron roʻyxati joriy etildi. Xorijda vaqtincha yashab turgan mehnat muhojirlari, talabalar va boshqa yurtdoshlarimizga saylovda ishtirok etishlari uchun keng sharoitlar yaratildi. Ozodlikdan mahrum etilgan, biroq ogʻir va oʻta ogʻir jinoyat sodir etmagan mahkumlarga ovoz berish imkoniyati yaratildi.

Nogironligi boʻlgan shaxslarga ham ularning saylash huquqlaridan barcha fuqarolar singari teng foydalana olishlari uchun saylov uchastkalarida yaratilgan sharoitlarni oʻrganish masalasi doim eʼtiborimizda – dedi Inson huquqlari boʻyicha vakil.

Shuningdek, oʻrganishlar davomida imkoniyati cheklangan shaxslar oʻz siyosiy huquqlarini toʻlaqonli amalga oshirishlari uchun yetarlicha sharoitlar yaratilgani, jumladan ularga alohida kabinalar ajratilgani, kirish va chiqish joylarida panduslar joylashtirilgani, koʻrish imkoniyati cheklanganlar uchun brayl alifbosidagi byulleten trafareti bilan taʼminlangani va saylov uchastkalariga surdo tarjimonlar jalb qilinayotganiga guvoh boʻlganliklari qayd etildi.

Tatyana Merzlyakova – Sverdlovsk hududidagi Inson huquqlari boʻyicha vakil (ombudsman)

— Nogironligi boʻlgan shaxslarning saylash huquqlaridan foydalana olishlari uchun saylov uchastkalarida yaratilgan sharoitlarni oʻrganish doim Ombudsman nazoratida boʻlishi kerak. Chunki saylovchi qanchalik jismoniy imkoniyatlari cheklangan boʻlishiga qaramay oʻz siyosiy huquqidan foydalana olishi kerak. Qolaversa, saylash huquqiga ega boʻlgan mahkumlar huquqlarini taʼminlashda ham Ombudsman ishtiroki juda muhim. Bu mening Oʻzbekistonga kuzatuvchi sifatidagi ikkinchi tashrifim. Oʻtgan Parlament saylovlarida ham Buxoro viloyatidagi saylov uchastkalarini kuzatib, juda yaxshi taassurotlar bilan qaytganman va oʻzimning ijobiy xulosamni berganman. Aytishim mumkinki, Oʻzbekiston faqat yuqoriga ildamlayapti. Shuning uchun ham prezidentlik saylovi ham xalqaro talablar darajasida oʻtadi deb oʻylayman.

Uchrashuv davomida Feruza Eshmatova mehmonlarga Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili institutining saylov jarayonidagi ishtirokiga toʻxtaldi.

Shu kunlarda Ombudsman instituti xodimlari va uning mintaqaviy vakillari jamoatchilik tashkilotlari bilan birgalikda jazoni ijro etish muassasalariga monitoring tashriflari davomida saylash huquqiga ega boʻlgan mahbus va mahkumlarga ularning Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti saylovida ishtirok etishi tushuntirilib, saylovga tayyorgarlik jarayonlarida inson huquqlarining toʻliq taʼminlanish holatlari oʻrganilmoqda.

Nina Shalabayeva — Novosibirsk viloyati Inson huquqlari boʻyicha vakili

— Saylov jarayonlarida Ombudsmanning roli va ishtiroki juda muhim. Shaxsan oʻzim ham Rossiya Federatsiyasida oʻtgan saylov jarayonlarida saylov uchastkalariga borib saylovchilar uchun yaratilgan sharoitlarni oʻrganganman. Rossiya tajribasi haqida gapiradigan boʻlsam, bizda videokuzatuv markazi tashkil etilgan boʻlib, partiya vakili va kuzatuvchilar barcha uchastka saylov komissiyalaridan onlayn tarzda uzatilgan yozuvlarni koʻzdan kechirib, saylov jarayonining borishi boʻyicha nazorat oʻrnatishlari mumkin. Shuningdek, Rossiyada Oʻzbekistondan farqli ravishda mahkumlar saylash huquqiga ega emas. Faqatgina sud qarori bilan aybi tasdiqlanmagan, ishi tergovda boʻlgan shaxslargina ovoz berishi mumkin.

Uchrashuv davomida Ombudsmanlar inson huquqlarini taʼminlash borasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda fuqarolar murojaatlarini koʻrib chiqish va tajriba almashish borasida fikr almashdi.

Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.