Joriy yilning fevral oyida Energetika vazirligi huzuridagi “Oʻzenergoinspeksiya” va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida 1 159 ta holatda 51,6 mln kVt⋅soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Ushbu hajmdagi elektr energiyasi oʻrtacha 258 mingta xonadonning bir oylik elektr energiyasi isteʼmolini tashkil qiladi.

Noqonuniy foydalanishning eng koʻp holatlari Samarqand, Namangan, Buxoro va Toshkent viloyatlari hissasiga toʻgʻri keladi.

Misol uchun, Samarqand viloyatidagi “D. S. A.” MCHJda 7,6 mlrd soʻm, Namangan viloyatidagi “I. J.” MCHJda 646 mln soʻm, Buxoro viloyatidagi “M. Z. S.” fermer xoʻjaligida 428 mln soʻm miqdorida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanib, qayta hisoblash ishlari amalga oshirildi.

Qoidabuzar isteʼmolchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar koʻrilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.

Nazorat tadbirlari davom etmoqda.