Finlyandiya Oʻzbekiston taʼlim tizimini takomillashtirish uchun 1 million yevro mablagʻ ajratdi

    Ta'lim 7 Fevral 2022 2478

    Avval xabar berilganidek, oʻtgan yil yakunida Taʼlim inspeksiyasi, Xalq taʼlimi va Tashqi ishlar vazirligi mutasaddilaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi Davlatimiz rahbarining koʻrsatmasiga binoan fin taʼlim tizimini chuqur oʻrganish maqsadida Finlyandiyaga rasmiy tashrifni amalga oshirgandi.

    Tashrif davomida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Finlyandiya milliy taʼlim agentligi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolangan.

    Mazkur memorandumda taʼlimda sifat va amaliyotini ragʻbatlantirish maqsadida tizimni rivojlantirish, jumladan, yangi pedagogik usullar, oʻqitish jarayonlari, pedagogik boshqaruv, oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, tadqiq etish, baholash va joriy etish hamda oʻqituvchilar malakasini oshirishni rivojlantirish kabi maqsadlar oʻrin olgan.

    Shu bilan birgalikda, mazkur hujjat doirasida oʻqituvchilar malakasini oshirish sohasida innovatsion pedagogik tajriba almashish va yangi texnologiyalardan foydalanishga koʻmaklashish, konferensiyalar va seminarlar oʻtkazishni ragʻbatlantirish orqali taʼlim sohasida hamkorlikni rivojlantirish kabi loyihalarni amalga oshirish ham rejalashtirilgan.

    Tashrifning ilk amaliy natijalaridan biri sifatida Finlyandiya hukumati tomonidan hamkorlik memorandumida koʻzda tutilgan vazifalarni amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 1 million yevro miqdorida mablagʻ ajratildi.

    Shuningdek mazkur loyiha rejasini ishlab chiqish va Oʻzbekiston tomoni bilan kelishish uchun esa qoʻshimcha 55 000 yevro mablagʻ ajratilgan boʻlib, unda fin taʼlim tizimi vakillaridan iborat delegatsiya Oʻzbekistonga tashrif buyurishi, taʼlim jarayonlari bilan yaqindan tanishgan holda Taʼlim inspeksiyasi vakillari bilan muhokamalar oʻtkazish orqali loyiha rejasini ishlab chiqishi koʻzda tutilgan.

    Dastlabki kelishuvlarga koʻra loyiha doirasida fin taʼlim ekspertlarini jalb qilgan holda oʻquv jarayonlarini tashkil qilish, oʻquv-metodik adabiyotlar yaratish, taʼlim vakillari uchun malaka oshirish kurslari faoliyati koʻzda tutilgan.

    Taʼlim yoʻnalishidagi yaqin hamkorlikning davomi sifatida kelgusida finlyandiyalik va estoniyalik hamkorlar koʻmagida Oʻzbekiston taʼlim tizimining xalqaro taʼlim hamjamiyatiga qoʻshilishiga qaratilgan TWINNING dasturini amalga oshirish boʻyicha muzokaralar olib borilyapti.

    Maʼlumot uchun, TWINNING yaʼni “birodarlik” loyihasi Yevropa Ittifoqi qonunchiligi uchun zarur koʻnikma va tajribaga ega boʻlgan institutsional hamkorlik orqali sherik mamlakatlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan uzoq muddatli loyiha hisoblanadi.

    Ushbu loyihaning asosiy maqsadi kadrlar tayyorlash va davlat institutlari tuzilmalarini qayta tashkil etishni qoʻllab-quvvatlash orqali sherik davlatlar maʼmuriyatlarining boshqaruv salohiyatini oshirishga qaratilgan, deb xabar beradi Taʼlim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi matbuot xizmati.