Tadbir davomida savdo, energetika, toʻqimachilik sanoati, AKT va sogʻliqni saqlash sohalarida Oʻzbekiston-Finlyandiya hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Finlyandiya tomoni Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast jamgʻarmasining Maslahat qoʻmitasi ishida faol ishtirokini davom ettirishga, shuningdek, Finlyandiyaning bir qator donor tashkilotlari, moliya institutlari va xususiy kompaniyalaridan qoʻshimcha mablagʻ jalb etishga tayyorligini bildirdi.
Oʻzbekiston tomonining ishbilarmon doiralar vakillari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatilishini ragʻbatlantirish, oʻzaro savdo va investitsiyalar hajmini oshirish maqsadida Oʻzbekiston va Finlyandiyada xalqaro koʻrgazma va yarmarkalar oʻtkazish taklifi qiziqish bilan qabul qilindi.
Uchrashuv yakunida yaqin kelajakda boʻlib oʻtadigan iqtisodiy, sanoat, ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yigʻilishi, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokidagi biznes-forum doirasida munosabatlarning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha muloqotni davom ettirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.