Mazkur tashrif Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori moliyaviy koʻmagida tashkil etildi.

Oʻzbekistonlik mehmonlar Finlyandiyadagi qator tashkilot va idoralarda boʻlib, u yerdagi mahalliy davlat boshqaruvi va jamoat xizmati tizimini takomillashtirishga doir ilgʻor tajribalar bilan yaqindan tanishdi.

Dastlab, delegatsiya Finlyandiya shahar va munitsipalitetlar uyushmasi (AFCM)da Xalqaro aloqalar boʻyicha menejer Laura Parsama bilan uchrashdi. Suhbat chogʻida mahalliy boshqaruvni rivojlantirishda uyushmaning roli, munitsipalitetlar manfaatlarini himoya qilish va qarorlar qabul qilishda yagona pozitsiyani taʼminlash masalalari muhokama qilindi.

“Finlyandiya shahar va munitsipalitetlar uyushmasi faoliyati haqidagi maʼlumotlar biz uchun juda foydali boʻldi. Bu tajriba Oʻzbekistonda shunga oʻxshash tashkilot tuzish jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi”, — dedi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov.

Shundan soʻng delegatsiya aʼzolari Moliya vazirligi huzuridagi “Farovonlik xizmatlari hududlarini boshqarish” boʻlimi (Department for Steering of Wellbeing Services Counties) bosh maslahatchisi Markku Myollyari bilan muloqot qildi.

Suhbat chogʻida ijtimoiy va sogʻliqni saqlash sohalarida amalga oshirilgan islohotlar — funksiyalarni hududiy darajada jamlash, raqamli xizmatlarni kengaytirish, xizmat sifatini tenglashtirish boʻyicha dastlabki natijalar va yangilanadigan meʼyoriy-huquqiy asoslar muhokama etildi. Mazkur tajriba Oʻzbekistonda aholi manfaatlariga xizmat qiluvchi samarali va hisobdor mahalliy boshqaruvni shakllantirishga amaliy hissa qoʻshishi taʼkidlandi.

Xelsinki shahar kengashi 85 aʼzodan iborat boʻlib, har toʻrt yilda saylanadi. U strategiya, byudjet, soliq stavkalari va rivojlanish rejalarini tasdiqlaydi. Yigʻilishlar ochiq oʻtkazilib, jonli efirda namoyish etiladi.

15 aʼzodan iborat shahar boshqarmasi mer va toʻrt nafar oʻrinbosar rahbarligida shaharning kundalik faoliyatini taʼminlaydi. 684 ming aholi va 38 mingdan ortiq xodimga ega Xelsinki 2025–2029-yillarga moʻljallangan strategiyasida ochiqlik, fuqarolar ishtirokini kengaytirish, shuningdek, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt asosida xizmatlar samaradorligini oshirishni ustuvor yoʻnalish qilib belgilagan.

Delegatsiya aʼzolari Xelsinki shahar ijroiya boshqarmasi (City Executive Office) Maʼmuriy jarayonlar direktori Antti Peltonen bilan uchrashuvda shahar boshqaruvining strategik tuzilmasi, shahar kengashi va boshqarmasi (City Board)ning vakolatlari, byudjet jarayonlari hamda nazorat mexanizmlari haqida maʼlumot oldi.

HAUS Davlat boshqaruvi instituti bilan uchrashuv chogʻida ushbu institutning Oʻzbekistonda amalga oshirayotgan loyihalari va kelgusida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish niyati mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tashrif yakunlariga koʻra, Finlyandiyada mahalliy kengashlar proporsional saylov tizimi asosida shakllanishi, munitsipalitetlarni yiriklashtirish siyosati izchil amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.

“Finlyandiya tajribasi mahalliy boshqaruvda hisobdorlik, fuqarolar ishtiroki va moliyaviy barqarorlikni taʼminlashga yoʻnaltirilgan. Bu bilim va tajribalar Oʻzbekistonda mahalliy boshqaruvni takomillashtirish hamda davlat xizmatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi”, — dedi Eldor Tulyakov.