Davlat xizmatlari agentligi yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi vakolatli organ sifatida mazkur masalaga oydinlik kiritdi. Agentlik axborot xizmati maʼlum qilishicha:
Birinchidan, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 33-moddasiga asosan, yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik faoliyati subyekti firma nomiga boʻlgan huquqqa ega, bu nomni uning oʻzi mustaqil ravishda belgilaydi va oʻz taʼsis hujjatlarida koʻrsatadi.
Ikkinchidan, 2017-yil 1-apreldan boshlab tadbirkorlik subyektlari Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali (oʻzi kelgan holda yoki onlayn usulda) davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
Uchinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi “Firma nomlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 4-moddasiga asosan Firma nomida:
✅ davlatning rasmiy nomi, xalqaro, hukumatlararo yoki nodavlat notijorat tashkilotining qisqartirilgan yoki toʻliq nomi;
✅tarixiy yoki Oʻzbekiston Respublikasida mashhur boʻlgan shaxsning toʻliq yoki qisqartirilgan ismi, belgilangan tartibda beriladigan ruxsatsiz;
✅firma nomining egasi, uning faoliyat turi yoki u kelib chiqqan mamlakat xususidagi soxta yoki isteʼmolchini chalgʻitishi mumkin boʻlgan belgilar;
✅jamiyat manfaatlariga, insonparvarlik va axloq prinsiplariga zid boʻlgan belgilar koʻrsatilmasligi kerak.
Toʻrtinchidan, Davlat xizmatlari agentligi tomonidan Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimida “Firma nomlari toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan firma nomlarida ishlatilishi mumkin boʻlmagan soʻzlardan foydalanish boʻyicha cheklovlar qoʻyildi. Ushbu roʻyxat mutaxassislar tomonidan muntazam ravishda yangilanib boriladi.
Soʻnggi kunlarda muhokamaga sabab boʻlgan tadbirkorlik subyektlarining firma nomlari, tadbirkorlar bilan olib borilgan tushuntirishlardan soʻng, belgilangan tartibda oʻzgartirildi.
Oʻz navbatida, tadbirkorlardan firmalariga nom tanlashda, uni oʻzgartirishda yuqoridagi qonun talablariga qatʼiy rioya etishlarini soʻrab qolamiz.









