Soz yasash sanʼati qadim-qadimdan ustoz-shogird anʼanalari asosida avloddan avlodga oʻtib kelayotgan nomoddiy madaniy merosdir. Ayni paytda ham oʻz uslubiga ega Qashqadaryo sozgarlari noyob hunarlarini yanada sayqallantirib, keyingi avlodlarga yetkazishga harakat qilmoqdalar.
Shunday sozgar ustalardan biri Shahrisabzda yashab, ijod qilib oʻtgan hofiz Abdulla Qodiriy (Tanburiy) hisoblanadi. U 1896-yilda Shahrisabzdagi Hazrati imom mahallasida, Mirza Abdulqodir qorovulbegi oilasida tavallud topgan. Oʻz davrining ziyoli, maʼrifatparvar kishilaridan boʻlgan Mirza Abdulqodirbek farzandlariga ilm berishga, ularning tafakkurini yanada kengaytirishga, savodini mukammal chiqarishga katta eʼtibor qaratgandi. Oʻzi musiqa sozlarini tinglash va chalishga shinavanda boʻlgani bois uyiga koʻplab cholgʻuchilarni taklif etar, nafis majlislar jonu dili edi. Shoirlar, hatto mashhur xattotlar ham bu xonadonning izzatli mehmonlari boʻlardi. Mirza qorovulbegi xonadonida hatto moddiy taʼminotga ega boʻlmagan mashshoqlar va darvishlar uchun ham alohida mehmonxona tashkil etib qoʻyilgan boʻlib, yosh Abdulla ularning faoliyatini teran his etib ulgʻaydi. Bolalikdan maʼnaviyatli kishilar suhbatidan bahramand boʻlib oʻsgan Abdullaning koʻnglida ilm va ijodga havas erta uygʻondi.
Intiluvchan, bilim olishga chanqoq oʻspirin yigit 1914-yildan boshlab Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil oldi, xattotlik sanʼati sirlarini puxta egalladi. Imkon topib buxorolik ijodkorlar, musiqa sozlari ustalari bilan tanishdi, cholgʻu asboblarini yasash sirlarini ham oʻzlashtira boshladi. U yashagan hujrada tinimsiz soz chalinardi.
Tanburchilik bobidagi mahorati uni jadidchilik harakatining yorqin vakillaridan biri, maʼrifatparvar shoir Abdurauf Fitrat bilan uchrashtirdi. Abdullaning ilm-maʼrifat borasidagi mulohazalari va mahorat bilan tanbur yasashini koʻp bor kuzatgan Fitrat unga Tanburiy taxallusini bergan ekan.
Tanburiy Qarshi shahrida toʻgaraklar tashkil etish maqsadida cholgʻu asboblari yasay boshlaydi. Mahoratini oshirib borgani bois koʻp oʻtmay u yasagan cholgʻu asboblari turi 10 taga yetdi. Shundan soʻng yangi siyosiy rahbarlar Abdullaning Moskvada koʻlga kiritgan diplomi va musiqa asboblarini yasay olish mahoratini eʼtiborga olib, badiiy toʻgarak tashkil etish uchun ruxsat etdilar. Tanburiy Qarshi shahrida teatr truppasini tashkil etish maqsadida iqtidorli yoshlarni chorlay boshladi. Truppa aʼzolari orasida 2 nafar xotin-qiz ham bor edi. Truppa qator konsertlar tashkil etadi.
Shunday kunlarning birida shoʻro amaldorlaridan ikki kishi konsertga tashrif buyurib, sahnada rol ijro etib turgan xotin-qizlarni oʻzlariga xizmat qildirish istagini Tanburiyga bildirishadi. Biroq Tanburiy ularga rad javobini beradi. Zero, truppa aʼzolarining har biri uning uchun oila aʼzosidek qadrli edi. Aynan shu daqiqadan eʼtiboran mulozimlar Tanburiyni dushman hisoblab, qora roʻyxatga kiritishdi va imkon qadar tez fursatda undan qutulish choralarini koʻra boshlashdi.
Notinch zamonlar edi. Bu voqea sodir boʻlgan kunning oʻzidayoq NKVD xodimlari Tanburiyni jadidchilikda ayblab, uni Sibirga surgun qilish toʻgʻrisida qaror ham chiqartirishdi. Biroq mirshablar orasida Abdulla Qodiriyni qadrlaganlar ham bor edi. Shu bois, uni ogohlantirish maqsadida shu tunning oʻzida Abdullaning uyiga borishib, voqeadan xabar berishadi. Bu xabarni eshitgan Abdulla qochishni istamadi, boshini baland koʻtarib jon berishni afzal koʻrdi. Biroq uning ayoli Abdullani qayerda boʻlsa-da, muhimi tirik qolishini, albatta, yaxshi kunlar kelishini aytib zorlanadi va uni qochishga koʻndiradi. Abdulla Tanburiy xoru zorlikda, oilasi, yaqinlaridan uzoqda azoblanib yillarni oʻtkazdi, biroq yorugʻ kunlarga boʻlgan umidi aslo soʻnmadi.
Tanburiydagi soz yasashga boʻlgan iqtidor va istak shu qadar baland ediki, quvgʻinda yurgan kezlarida ham cholgʻu asboblarini yashirincha yasashda davom etdi. U oʻzini sanʼatsiz tasavvur etolmasdi. Biroq musiqa asboblarini ochiqchasiga yasash va kuy chalish xavfli boʻlganligi bois, u yangicha koʻrinishdagi, bir necha boʻlaklarga boʻlinib, taxlanadigan yigʻma tanbur yaratdi. Bu bebaho sanʼat asarini u keng yaylovlarga chiqqan paytlarida xumori bosilguncha kuy chalar va yana boʻlaklarga ajratib, yigʻishtirib olardi.
Bir necha yillardan soʻng uyiga qaytgach, u oʻzbek cholgʻuchiligida yangilik yaratish orzusida oʻziga xos uslubda ikki nusxada oʻzbek rubobini yaratdi. Rubobning bir nusxasi bugungi kunda avlodlari qoʻlida saqlanib kelmoqda, ikkinchi nusxasini usta Yevropada boʻlib oʻtgan xalqaro konferensiyaga borgan chogʻida anjuman tashkilotchilariga sovgʻa tariqasida taqdim etgan.
Abdulla Qodiriy hayoti endigina izga tushgan kezlarda dunyodan oʻtdi. Biroq oʻzidan bir maktab qoldirdi. Usta qoldirgan maktab avlodlari va shogirdlariga meros qoldi. Tanburiyning farzandi, taniqli soz ustasi Inoyat Qodiriy ota kasbini ardoqlab, padari buzrukvori ruhini shod etib yashadi. U bugungi kunga qadar usta-shogird maktabi anʼanalari davom etib kelmoqda.
Yurtimizda minglab tanburiylar qismati shunday sargardonlikda kechgan davrlar tarixga aylangan boʻlsa-da, bu armonli kunlar bizni ogohlikka chorlab, ozod va hur kunlarning qadriga yetmoqlikka undaydi. Bugungi kunda milliy madaniyatimiz, milliy hunarmandchiligimiz, jumladan, milliy cholgʻu asboblari yasash maktablari qayta tiklanib, ustoz-shogird anaʼnalari ravnaq topmoqda.
Prezidentimiz 2017-yil 17-noyabrda “Oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻrisida”gi qarorni imzolagandi. Mazkur qarorga koʻra, 2018-yildan boshlab Shahrisabz shahrida har ikki yilda bir marta Xalqaro maqom sanʼati anjumanini oʻtkazish rejalashtirildi. Oqsaroy majmuasi oldida Xalqaro maqom sanʼati anjumani oʻtkazish uchun sahna va maydon, Maqom markazi va muzeyi barpo etilishi, maqom festivali sayil tarzida, madaniyat bayrami sifatida oʻtkazilayotgani yurtimizda milliy madaniyatimizga nechogʻli eʼtibor qaratilayotganiga yorqin dalildir.
Shu asnoda Shahrisabz shahrida tashkil etilgan Maqom muzeyi ekspozitsiyasida diyorimizda yaratilgan turli musiqa asboblari oʻrin olgan. Ularni yasash jarayonida ustalar maqom kuylarini qalblari orqali eshitib, asbobni jonlantirganlar. Zero, ushbu musiqa asboblari orqali ajdodlarimiz nafaqat dunyoviy, balki majoziy va ilohiy olamni ham his etganlar. Ular meros qoldirgan bu noyob merosni oʻrganish va tadqiq etish biz farzandlarning asosiy vazifamizdir.
Dilnavoz RAHMATOVA,
Qarshi davlat universiteti tuzilmasidagi
“Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi direktori











