Dasturni ishlab chiqishdan oldin xalqaro tajriba oʻrganildi, xususan, Kembrijning IGSCE va A-Level dasturlari, International Baccalaureate, Avstraliya, AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Belarus singari davlatlarning dasturlari oʻrganildi va fizikani oʻqitishning oʻziga xos xususiyatlari tahlil qilindi.
Ixtisoslashtirilgan maktablar uchun fizika dasturi, xalqaro tajribadan kelib chiqib, fanni uch bosqichda spiralsimon tarzda oʻrganishni koʻzda tutadi. Birinchi bosqich 5-6-sinflarni qamrab oladi, bunda oʻquvchilar fizika fanining barcha boʻlimlarini boshqa fanlar bilan birgalikda murakkab formula va hisob kitoblarsiz, sodda hayotiy jarayonlar orqali koʻrib chiqadi hamda oʻquvchilarda fizika faniga boʻlgan qiziqish va fanga oid dastlabki tushunchalar shakllantiriladi.
Ikkinchi bosqich 7-9-sinflar uchun moʻljallangan boʻlib, uch yil davomida oʻquvchilar umumiy fizika kursining barcha boʻlimlarini oʻrganishadi va fan boʻyicha asosiy kompetensiyalar shakllantiriladi. Yakuniy, uchinchi bosqichda 10-11-sinf oʻquvchilari avvalgi ikki bosqichda shakllantirilgan kompetensiyalarni rivojlantirishadi va chuqurlashtirishadi. Bunday yondashuv oʻzlashtirishi kerak boʻlgan barcha nazariy bilim-koʻnikmalar va amaliy malakalarni toʻlaligicha shakllantirish imkonini beradi.
Dasturda fanni oʻrganish natijasida oʻquvchi qanday nazariy bilim, koʻnikma va amaliy malakalarga ega boʻlishi kerakligi aniq belgilab qoʻyilmoqda. Dasturda, shuningdek, fizika fanining boshqa fanlar bilan integratsiyasi hamda fan orqali 21-asr koʻnikmalari – tahlil, muammolarga nostandart va samarali yechimlar taklif qilish, ijodkorlik, yaratuvchanlik, kommunikativlik singari qobiliyatlarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Kichik yoshdagi oʻquvchilarni fizika faniga qiziqtirish maqsadida Yangilangan dastur asosida 5- 6-sinflar uchun “Fizika alifbosi” darsligi ishlab chiqildi. Ushbu darslikda borliqdagi fizik hodisalar va qonuniyatlar qiziqarli tarzda, sodda tilda bayon etilgan. Kuzatish va tajribalar orqali oʻquvchilarning hodisalarni ilmiy jihatdan tushuntirish kompetensiyalarini shakllantirib borilishi maqsad qilingan.
Hakimboy SAMANDAROV,
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining
Ixtisoslashtirilgan maktablar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi