“Flyadeal” aviakompaniyasi Jiddadan Toshkentga parvozlarni yoʻlga qoʻydi

    1-dekabrdan boshlab samolyotlar shu yoʻnalishda har kuni parvoz qilishi rejalashtirilgan.

    21-noyabr kuni Toshkent aeroportida Saudiya Arabistoni “Flyadeal” aviakompaniyasining kelgan birinchi reysi kutib olindi. Bortida 320 nafar yoʻlovchi boʻlgan samolyot Toshkent vaqti bilan soat 23:40 da poytaxtga qoʻndi.

    Anʼanaga koʻra, samolyot suv arkasi, ekipaj esa gullar bilan kutib olindi. Birinchi reysni tantanali kutib olish marosimida “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati vakillari, ommaviy axborot vositalari hamda aviaspotterlar ishtirok etdi.

    Jidda – Toshkent – ​​Jidda yoʻnalishi boʻyicha muntazam ravishda toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar Airbus A330 samolyotlarida haftasiga besh marta dushanba, chorshanba, payshanba, juma va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.
    1-dekabrdan boshlab samolyotlar shu yoʻnalishda har kuni parvoz qilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 15-dekabrdan boshlab “Flyadeal” Jiddadan Namanganga ham parvozlarni yoʻlga qoʻyadi.