“Flyadeal” aviakompaniyasi Namanganga parvozlarni boshladi

    Shu yilning 15-yanvar kuni Namangan aeroportida Saudiya Arabistonining “Flyadeal” aviakompaniyasi birinchi reysi kutib olindi.

    Havo kemasi sathida 350 nafar yoʻlovchi boʻlgan samolyot mahalliy vaqt bilan 10:21 da Namanganga qoʻndi. Anʼanaga koʻra, samolyot suv arkasi bilan kutib olindi.

    Jidda-Namangan-Jidda yoʻnalishi boʻyicha muntazam ravishda toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar Airbus A330 samolyotlarida haftasiga uch marta dushanba, chorshanba va juma kunlari amalga oshiriladi.

    Eslatib oʻtamiz, “Flyadeal” aviakompaniyasi 2024-yil 21-noyabrdan Oʻzbekistonga toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni yoʻlga qoʻygan edi – Toshkent va Jidda oʻrtasidagi reyslar har kuni amalga oshirilmoqda.

    “Flyadeal” Saudiya Arabistonining loukostr formatidagi aviakompaniyasi boʻlib, Jiddadagi Qirol Abdulaziz xalqaro aeroportida joylashgan. Aviakompaniya Saudiya Arabistonining yetakchi havo tashuvchisi “Saudia Groupning” transformatsiya strategiyasi doirasida 2017-yilda tashkil etilgan.