FlyArystan aviakompaniyasi Ostonadan Toshkentga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi

    Qozog‘istonning FlyArystan loukoster aviakompaniyasi Ostona va Toshkentni to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bilan bog‘ladi.

    3-iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 01:55da bortida 180 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan samolyot Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. Aeroportda yangi yo‘nalish ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi, unda “Uzbekistan Airports” AJ rahbariyati, Qozog‘iston elchixonasi va aviatashuvchi vakillari ishtirok etdi.

    Ostona — Toshkent — Ostona yoʻnalishi boʻyicha parvozlar Airbus A321 samolyotlarida haftasiga ikki marta — dushanba va chorshanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, aviakompaniya yaqin kelajakda parvozlar xaritasini Qozog‘iston va O‘zbekistonni bog‘laydigan yangi yo‘nalishlar bilan to‘ldirishni rejalashtirmoqda.

    FlyArystan Qozog'istonning loukoster aviatashuvchisi bo'lib, shtab-kvartirasi Olma-otada joylashgan. Kompaniya Qozog'istondagi eng yirik Air Astana aviakompaniyasi negizida tashkil etilgan.