“Forest builder” — qishloq xo'jaligida yana bir innovatsion qurilma

    Kun sayin qurib borayotgan Orol dengizi atrofidagi hududlarda yashil o'rmonzorlar barpo etish maqsadida ekilayotgan saksovul o'simligi urug'larini qo'l mehnatisiz, yuqori aniqlikda erga qadashga mo'ljallangan mazkur innovatsiyaon qurilma mini quyosh panellari yordamida mutlaqo yonilg'isiz ishlaydi.

    Bugun innovatsiya, axborot texnologiyalarini rivojlantirish, barcha jabhalarda joriy etish mamlakatimizda taraqqiyotning muhim yo'nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida respublikamizning eng chekka hududlarida yashaydigan yoshlarda ham IT sohasiga qiziqish ortib, zamonaviy yo'nalishga oid bilimlarni egallash, o'z g'oyalarini ilm-fan bilan bog'lagan holda hayotga tatbiq etish istagidagi o'g'il-qizlar safi kengayib bormoqda. Prezident qarori bilan 2019 yil avgust oyida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida tashkil etilgan YOshlar akademiyasi ana shunday ilm-fan sohasiga qiziqqan iqtidorli

    Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filiali 4 bosqich talabasi Rustamjon Madraimovning jamoasi ham 25 nafar iqtidorli yoshlardan tashkil topgan. Ular yaratgan loyihalar orasida “Forest builder” deb nomlanuvchi uskuna alohida ajralib turadi. Kun sayin qurib borayotgan Orol dengizi atrofidagi hududlarda yashil o'rmonzorlar barpo etish maqsadida ekilayotgan saksovul o'simligi urug'larini qo'l mehnatisiz, yuqori aniqlikda erga qadashga mo'ljallangan mazkur innovatsiyaon qurilma mini quyosh panellari yordamida mutlaqo yonilg'isiz ishlaydi.

    — Ona dengizimizning qurishi insoniyat tarixidagi eng yirik ekologik fojealardan biridir. Sahroga aylangan dengiz tubidagi tuzlar, qum-chang va zaharli o'g'itlar insonlar hayoti va tabiatga xavf solmoqda, — dedi Rustamjon Madraimov. — O'zbekiston bu borada dunyoda misli ko'rilmagan tajribaga qo'l urdi — dengiz o'rnidagi sahro o'rmonga aylantirilmoqda. Orol qurishi oqibatlariga qarshi kurashda tuproqdagi chang-tuzlarni shamol uchirishiga to'sqinlik qila oladigan saksovul o'simligi eng muhim vosita sifatida tanlandi. SHu bois, hozirda orol dengizi hududida o'rmonzorlar barpo etishda saksovul o'simligidan keng foydalanilmoqda. Ammo saksovul urug'ini ekishga mo'ljallangan maxsus uskuna ishlab chiqilmagani bois, bu vazifa qo'l mehnati yordamida amalga oshirilishi ko'plab qiyinchiliklarni yuzaga keltiryapti. Biz taklif etayotgan uskuna esa o'simlik urug'larini 90% aniqlikda, mutlaqo qo'l mehnatisiz ekish imkonini beradi.

    Innovatsion va tejamkor uskuna qayta tiklanuvchi energiyada ishlashga mo'ljallangan bo'lib, o'zidan zararli gazlar tarqatmaydi. Masofadan boshqariluvchi mazkur qurilmadan nafaqat saksovul urug'larini ekish, balki poliz ekinlari uchun zararli hashoratlarga qarshi kurashish, paxta ekinzorlarini yumshatish hamda ekinlarga turli xil o'g'itlar sepishda ham samarali foydalanish mumkin. Bunda faqat uskunaning maxsus qismlarini o'zgartirish kifoya.

    Ayni vaqtda “Forest builder” qurilmasining ikki xil namunaviy nusxasi — traktorga tirkalgan holda va qayta tiklanuvchi energiyada ishlovchi turdagisi ishlab chiqilgan bo'lib, ular sho'rlangan qumli hududlarda sinovdan o'tkazildi. Jamoa a'zolari uskunaga mualliflik huquqini olganlaridan so'ng uni keng miqyosda ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri