баннер
19 Mar 2025
03:00

    Yosh arxitektor yigit Moʻynoqda gumbaz ostida “aqlli shahar” qurish loyihasini taklif etdi

    Gumbaz asalari uyasi shaklidagi olti burchakli, maxsus konstruksiyali shisha membrana kataklar toʻplamidan iborat boʻladi. Har bir oltiburchak katak maxsus texnologiya orqali ochilib yopiladi.

    Asliddin bilan innovatsion gʻoyasi haqida gaplashayotib koʻpchilikka yaxshi tanish boʻlgan “Gumbaz ostidagilar” degan fantastik film xayolimga keldi. Soʻng mashhur ruboiydagi “Feruza gumbazli osmon ostida” degan satrni xotirladim.

    Yosh meʼmorning oʻzi esa yaqin oʻtmishda kuz va qishda qishloqlarimizdagi xonadonlar markaziga uzun yogʻoch ustun tiklab, hashar yoʻli bilan oʻtov shaklida quriladigan chodir-toʻyxonalarni eslatdi...

    Ha, Asliddinning gʻoyasi kimlargadir xomxayol, choʻpchak yoxud fantastika boʻlib tuyulishi mumkin. Biroq uning oʻz qarashlarini ilmiy jihatdan asoslashga astoydil intilayotganini koʻrib, beixtiyor kechagina hammamizga ertak boʻlib tuyulgan, bugun reallikka yoʻgʻrilayotgan oʻnlab afsonalar haqida oʻylab qoldim.

    — Inson doim katta orzu-maqsadlar bilan yashashi kerak, — deydi Asliddin bamaylixotir. — Orzular esa amalga oshish xususiyatiga ega. Navoiy bobomiz dostonlarida robot, televizor, internet, eskalator, hatto “poʻlat qush” — samolyot ham tasvirlangan ekan. Osma bogʻlar bundan necha asrlar avval qadimiy Bobilda yaratilgan.

    Ispan elchisi Klavixo Sohibqiron bobomizning Keshdagi saroylarini hayrat bilan qanday tasvirlagani haqida oʻqigandirsiz? Bu koshonalar tarhini Angliya yo Fransiyadan kelgan meʼmorlar emas, oʻzimizning bobolarimiz chizgan.

    — Lekin butun shaharni gumbaz bilan qoplashni tasavvurga sigʻdirish qiyinda, — deyman yigitning chizmalariga boqib. — Ozmuncha mablagʻ ketadimi?!

    — Sahroning oʻrtasida dunyo sayyohlari intiladigan Dubay singari ajoyib shahar qurilganku, — deydi suhbatdoshim. — Aytaylik, kelajakda Moʻynoqda shunday ekoshahar qurilsa, Orolboʻyiga ham sayyohlar oqib keladi. Birgina turizmni rivojlantirish evaziga sarflangan xarajatni bir necha yilda qoplash mumkin.

    Xayolot olamiga erk berganicha ajabtovur fikrlarini dadil himoya qilayotgan yosh meʼmor Asliddin Norqobilov Qashqadaryoning Qarshi tumanidan. Oddiy qishloq yigiti. Bu yil 24 bahorni qarshilayapti. Universitetni tamomlab, yaqinda Qarshi shahridagi qurilish firmalaridan birida arxitektor sifatida ish boshladi. Xotirlashicha, bolaligidan tasviriy va amaliy sanʼatga mehr qoʻygan. Otasi — jurnalist, onasi — oʻqituvchi emasmi, undagi iqtidorni vaqtida payqab, qoʻllab-quvvatladi. Erinmasdan uni tasviriy sanʼat koʻrgazmalariga, muzey va teatrga, tarixiy binolar sayohatiga, turli tanlovlarga yetaklab bordi.

    — Maktabni bitirib, chizmachilik kurslariga qatnadim, — deydi Asliddin. — Ustozim har bir shogirdi bilan individual ishlardi. Soʻng Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti (hozir universitet)ning arxitektura yoʻnalishida tahsil oldim. Qoʻshimcha “AutoCad”, “Revit”, “3D Max” singari zamonaviy arxitektura dasturlari kurslarida oʻqidim. Samarqand viloyati hokimligi masʼullari tez-tez oliygohimizga kelib, talabalar loyihalari taqdimoti bilan tanishardi. Esimda, bir gal yuqori kursdagi talaba ishlab chiqqan bekat loyihasi qabul qilingan edi. Oʻshanda kasbimga ishtiyoqim yanada kuchaydi. Biz, yoshlarga ishonib, katta ishlar topshirilishini koʻrib, oʻz ustimda koʻproq ishlashim, harakat qilishim zarurligini anglab yetdim.

    Hammasi issiqxona va sardobadan boshlangan

    Asliddin 2023-yili ikki kursdoshi bilan birga OTM talabalari uchun eʼlon qilingan “Rektor tanlovi”da ishtirok etdi. Oʻshanda ularga omad kulib boqdi. Tanlovning “Aqlli shahar” va innovatsion gʻoyalar konsepsiyasi» yoʻnalishida gʻolib boʻlib, Turkiya oliy taʼlim muassasalarida bir oy tajriba almashish uchun yoʻllanmani qoʻlga kiritishdi.

    — Qoraqalpogʻistonning Moʻynoq tumani uchun gumbaz ostida ekologik toza, musaffo iqlimli “aqlli shahar” loyihasini tanlovga taqdim qilgandik, — deydi suhbatdoshim bu xususda eslarkan.

    — Bu gʻoya xayolingizga qayerdan kelib qoldi oʻzi? — deb soʻrayman undan.

    — Bolaligimda tomorqamizda qurilgan issiqxonaning shaffof gumbazi ostida pomidor, bodring yetishtirganmiz. Qolaversa, Qarshidagi Odina masjidi yonida koʻrganim — sardoba inshooti ham meni mana shu gʻoyaga ilhomlantirdi. Shu bois, choʻl hududida qurilishi tavsiya etilayotgan ­shahrimizni “Sardoba sity” deb atadik. Oʻylagan gʻoyam asosidagi loyihani ishlab chiqishga ikki kursdoshimni ham taklif qildim.

    Moʻynoqda, hatto Marsda ham qurish mumkin

    Yosh meʼmorning taʼkidlashicha, shaharsozlikdagi “Goard city — bogʻ nazariyasi”ga asoslangan loyihada yorugʻlik oʻtkazuvchan maxsus materialdan quriladigan gumbazni markazdagi 750 metr balandlikdagi ulkan ustun (aslida, u ham ustun shaklidagi koʻp qavatli bino) koʻtarib turadi. Unda shahar maʼmuriy markazi, mehmonxonalar, osma bogʻli restoranlar joylashtiriladi. Ustun atrofidagi bir kilometr radiusda halqa shaklida taʼlim, tibbiyot, madaniyat muassasalari, turar joylar va boshqa inshootlar quriladi.

    — Bizning loyiha yashillikning yoʻqolishiga emas, aksincha, koʻpayishiga sabab boʻladi, — deydi Asliddin. — Halqalar orasida yashil maydonlar, bogʻlar, koʻllar bunyod etiladi. Gumbaz atrofida u bilan maxsus tunnellar orqali tutashtirilgan bir necha kichik hajmli gumbazlar ostida shaharni energiya bilan taʼminlash uchun quyosh va shamol elektr stansiyasi, qozonxona, sanoat korxonalari tugunlari, qoʻriqxona, qishloq xoʻjaligi tarmoqlari joylashtiriladi.

    Shahar boʻylab jamoat transporti sifatida faqat osma yoʻlda yuradigan elektr poyezd va elektromobillardan foydalaniladi. Aytgancha, sardobani ham unutmadik. Ulkan sardoba shaklidagi gumbaz qobigʻiga tushadigan qor va yomgʻir suvini quvurlar orqali maxsus havzalarda yigʻib, tozalash inshootlaridan oʻtkazib, isteʼmolga yetkazib berish koʻzda tutilgan.

    Gumbaz asalari uyasi shaklidagi olti burchakli, maxsus konstruksiyali shisha membrana kataklar toʻplamidan iborat boʻladi. Har bir oltiburchak katak maxsus texnologiya orqali ochilib yopiladi. Issiq-sovuqqa chidamli shisha membrana qobiq ultrabinafsha nurni oʻtkazmaydi, sunʼiy ozon qatlamini hosil qiladi. Gumbaz orqali havo ham filtrlab oʻtkaziladi. Qolaversa, gumbazda maxsus seysmik va ob-havoni kuzatish hamda mudofaa maqsadlaridagi qoʻshimcha uskunalar ham oʻrnatish mumkin.

    Yuqorida tomorqamizdagi issiqxonani bejiz eslamadim. Shahar ichidagi ob-havo, bosim, namlik, harorat ham xuddi “parnik”dagiday boshqariladi. Boshqacha aytganda, gumbaz ostida yilning istalgan fasli iqlimini hosil qilish mumkin. Loyiha orqali chang-toʻzonli choʻl hududida oʻrtacha 20 minggacha odam uchun qulay, toza havo, toza suvga ega smart shahar qurish imkoni bor.

    Endi sal ilmiy tilda tushuntirsam. Bir qator xususiyatlari shaharning “aqlli”ligini taʼminlaydi. Texnologiyaga asoslangan infratuzilma, ekologik yechimlar, samarali va yuqori funksional jamoat transporti, xavfsiz va ilgʻor shahar rejalari va hokazolar shular jumlasidan. Xomxayol deb oʻylasangiz ham aytaman: bu loyihani kelgusida hatto Marsda ham amalga oshirish mumkin...

    Asliddin aynan shu loyihasi sabab oʻtgan yil Istanbuldagi Yildiz texnika universitetida hamkor doʻstlari bilan bir oy mahoratini oshirib, maxsus sertifikat bilan qaytdi. Taʼkidlashicha, bu shaharda dunyoga mashhur bir qancha tarixiy binoni tomosha qilib, qurilish maydonlarida amaliyotda boʻlgan. Osiyo va Yevropa, Sharq va Gʻarb meʼmorchiligi uygʻunligini oʻrganishga harakat qilgan.

    Yosh meʼmor kelgusida mana shu uygʻunlik va zamonaviy yechimlar asosida “Sardoba sity” loyihasini yanada takomillashtirish, bu yoʻnalishda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanish niyatida. Buning uchun, avvalo, xorijiy tilni oʻrgandi. Magistratura tahsilini Turkiyada davom ettirish harakatida. Katta maqsadlar sari intilayotgan Asliddinning mana shu orzularga erishishiga tilakdoshmiz.

    Akbar RAHMONOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Telegram kanalimiz
    Text to speech