Innovatsiya – texnologiya transferi

    Fikr 26 Sentabr 2024 583

    “Innovatsiya” soʻzi muomalaga yangi bir atama sifatida kirib keldi. Bizning nazarimizda gʻarbda mavjud innovatsiyani oʻzlashtirish ham innovatsiya tarzida talqin etila boshladi. Lekin, bu – texnologiya transferi sifatida til lugʻatimizni boyitdi.

    Koʻp oʻtmay – Yangi Oʻzbekiston islohotlari avvalida rivojlana boshlagan zamonaviy texnologiyalar va bilimlar sabab bugun “innovatsiya” asosiy soʻzlardan biriga aylandi. Yangi texnologiyalarni joriy etish yoʻlida soʻnggi yillarda Prezidentimizning innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishga qaratilgan qator meʼyoriy hujjatlari qabul qilinganligi “Navoiy konmetallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati uchun ham juda katta ahamiyat kasb etdi.

    2018-yilda kombinat tasarrufida tashkil etilgan Yangi texnologiyalarni joriy etish innovatsion markazi qisqa davr mobaynida yaxshi natijalarga erishmoqda. Bugungi kunda korxonada 8 nafar fan doktori va 18 nafar fan nomzodi faoliyat koʻrsatmoqda. Soʻnggi oʻn yilda yuksak ilmiy salohiyatga ega kombinat mutaxassislari tomonidan yaratilgan 37 ta ixtiro patent bilan himoyalandi. Jumladan, 34 tasi Oʻzbekiston Respublikasi, ikkitasi Shveysariya va Germaniyadagi Patent kooperatsiya toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha xalqaro patent, yana biri Rossiyaning Intellektual mulk federal xizmati talabnomasiga muvofiq bajarildi.

    Kombinat mutaxassislari 2017-yilda konchilik sanoati tarixida ilk bor “Oltinmishyakli, ishlanishi qiyin boʻlgan sulfidli rudalardan oltin ajratish usuli” mavzusidagi ixtirosi uchun BMT huzuridagi Butunjahon intellektual mulk tashkilotining “Oltin medali” bilan taqdirlandi.

    Prezidentimizning 2022-yilning 12-dekabrida imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi Davlat mukofotlarini berish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining bir qator olim va mutaxassislari “Texnologik va ishlanishi murakkab boʻlgan oltin tarkibli maʼdanlarni qayta ishlash va oʻzlashtirishning kompleks texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish” boʻyicha ilmiy-amaliy ishlanmasi uchun fan va texnika sohasidagi birinchi darajali Davlat mukofoti bilan taqdirlangani tarixiy voqelik boʻldi.

    Ilmiy ishlanmalar va ratsionalizatorlik takliflar soni ortmoqda

    Kombinatimiz ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga investitsiyalar hajmi, shuningdek, faoliyatga kiritilgan istiqbolli ishlanmalar va ratsionalizatorlik takliflari soni boʻyicha respublikada yetakchi hisoblanadi. Bizda ilmiy va ilmiy-texnikaviy ishlanmalarni tijoratlashtirish boʻyicha katta tajriba toʻplangan.

    Bugungi kunda jamiyat rivojlanishning yangi modelini izlamoqda. Bu nihoyatda murakkab jarayon. Ratsionalizatorlik faoliyati tajribasi, uning ichki iqtisodiyot doirasidagi oʻrni va ahamiyati mamlakat iqtisodiy hayotida davom etayotgan oʻzgarishlar qanchalik qiyin ekanligini yaxshiroq tushunishga imkon beradi.

    Ratsionalizatsiya bu — “korxona va tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish, uning samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi texnik yechimlar” hisoblanadi. Ratsionalizatorlik takliflari – mazmuni va miqyosi jihatidan xilma-xil boʻlib, xodimlarning individual xususiyatlari, ularning lavozimi yoki kasbiy ixtisosligidan qatʼiy nazar, taʼlim darajasidan kelib chiqqan holda ishchi kuchining tashabbuskor mehnat innovatsiyalariga moyilligini ifodalaydi.

    Kombinatda “Ratsionalizatorlik faoliyati toʻgʻrisida” Nizom ishlab chiqilgan boʻlib, joylarda tashkil etilgan ratsionalizatorlar va ixtirochilar klublari Nizom asosida ish olib boradi.

    “NKMK” AJ boʻlinmalarida ixtirochilik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish tizimi, yoshlarning texnik ijodiyotini rivojlantirish dasturlari ishlab chiqilgan boʻlib, har yili 8 ta yoʻnalish boʻyicha “Eng yaxshi ratsionalizatorlik taklifi” tanlovi oʻtkazib kelinadi. 2018-2023-yillarda kombinat mutaxassislarining 1 047 ta ratsionalizatorlik takliflari yuzasidan ijobiy qaror qabul qilinib, ishlab chiqarishga joriy etilgan. Amaliyotga tatbiq etilgan ratsionalizatorlik takliflaridan 538,4 milliard soʻm iqtisodiy samara olingan. Birgina 2023-yildagi 243 ta ratsionalizatorlik taklifidan shu yilning oʻzida 463 milliard soʻm iqtisodiy samaradorlikka erishish kutilmoqda.

    Aniq misollarga tayanadigan boʻlsak, Markaziy kon boshqarmasidan taqdim etilgan “Maʼdanni yuvish maydonchasining yuqori qatlamlarida himoya qatlamini joylashtirish” mavzusidagi taklifdan erishilgan iqtisodiy samaradorlik 15,7 milliard soʻmni, 1-gidrometallurgiya zavodidan taqdim etilgan “Qoraqoʻton” konining ishlanishi qiyin boʻlgan maʼdanlarini qayta ishlash texnologik sxemasini takomillashtirish” mavzusidagi ratsionalizatorlik taklifidan olingan iqtisodiy samaradorlik 8,7 milliard soʻmni tashkil etgani fikrimizni tasdiqlaydi.

    Ochiqlik va konstruktiv hamkorlik samarasi

    Innovatsion markazda yangi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha “Ratsionalizatorlik faoliyati portali” rukni ostida yagona maʼlumotlar bazasi yaratildi. Kombinatning har bir ishchi-xodimi xohlagan paytda barcha ratsionalizatorlik takliflar, ratsionalizatorlik faoliyatiga oid meʼyoriy hujjatlar, “Eng yaxshi ratsionalizatorlik taklifi” tanlovi natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan tanishish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari Markazimizda har chorakda nashr etib borilayotgan “Oʻzbekiston konchilik xabarnomasi” ilmiy-texnika jurnalida kon-metallurgiya yoʻnalishidagi ilmiy maqolalar va yangiliklar keng yoritib boriladi.

    Markazda har yili ishlab chiqarishda yechilishi kerak boʻlgan muammolar “NKMKni Innovatsion rivojlantirish dasturi”ga kiritib boriladi. Mamlakatimizdagi qator nufuzli ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari bilan yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Habib Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti, Mineral resurslar ilmiy-tekshirish instituti, “OʻzGEORANGMETLITI” korxonasi va Rossiyaning qator oliy taʼlim, ilmiy-tekshirish institutlari bilan yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, dasturga kiritilgan muammolar oʻz yechimini topib kelmoqda.

    Innovatsion markaz tarkibidagi “Texnik kutubxona” kombinat ishchi-xodimlarining texnik adabiyotlarga va bilimlarga boʻlgan talabini qondirib keladi. Sohaga oid barcha kitob va jurnallarning elektron shakli elektron kutubxonada joylashtirilgan boʻlib, ishchi-xodimlarga ish joylarida turib kerakli boʻlgan adabiyotlardan foydalanish, bilim darajalarini boyitib borish imkoniyati yaratilgan.

    Innovatorlar jamiyatning ijtimoiy faol boʻgʻini sifatida iqtisodiy jarayonlarning dinamikasini belgilaydi. Kombinat rahbariyatining ularni yangiliklar yaratish yoʻlida doimiy qoʻllab-quvvatlab kelayotgani esa kon-metallurgiya sohasining yil sayin rivojlanib borishiga salmoqli hissa boʻlib qoʻshilyapti.


    Ulugʻbek SHARAFUTDINOV,

    “NKMK” AJ Yangi texnologiyalarni joriy etish

    Innovatsion markazi boshligʻi, professor.


    Reklama