Bu hikmat ayni kunlarimizga atab yozilganday goʻyo. Fozil odamlar shahri sogʻinchi ila yozilgan ushbu bitikning bugunimizga bogʻliq jihati haqida bir oz keyin batafsil toʻxtalamiz. Hozir mazkur soʻzlarni eslashimizga sabab boʻlgan va mamlakatimiz kelajagi yoʻlidagi muhim voqea — davlatimiz rahbarining yoshlar bilan muloqotiga toʻxtalsak.
Shu yilning 14-fevral kuni videoselektor shaklida boʻlib oʻtgan uchrashuv tom maʼnoda tarixiy voqea boʻldi. Unda yoshlar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish chora-tadbirlari muhokama etildi. Qator muhim vazifalar belgilab olindi. Keling, uchrashuvda oʻrtaga tashlangan ayrim jihatlari haqida soʻz yuritsak.
Hozir dunyoning texnik taraqqiyotini, jahondagi siyosiy vaziyatni koʻrib-bilib turibmiz. Uni ortiqcha taʼriflash shart emas, nazarimizda. Taʼkidlash kerakki, hech zamonda taraqqiyot ham, siyosiy jarayonlar ham hozirgiday global darajada murakkab boʻlmagan. Tan olish kerak, aksariyatimiz bugungi texnik taraqqiyotga mahliyo boʻlsak-da, kelajakni tasavvur qila olganimiz yoʻq. Tabiiy boyliklar tobora kamayib, ona zamin aholisi oshib bormoqda.
Boz ustiga, koʻpgina kasblarni texnika, xususan, sunʼiy idrok egallay boshladi. Bu kelajakda resurslar uchun jiddiy kurash boʻlishini, yuksak intellekt egalarigina farovon yashashini anglatadi. Yanada sodda qilib aytsak, bugun maktab taʼlimining oʻzi bilan mahallaning doʻkondori, boringki, 10-15 bosh mol boqib roʻzgʻor tebratayotganlar talaygina. Ular el qatori boʻlib yashayapti. Ammo biz aytayotgan kelajakda bunday boʻlmaydi. Masalan, hozir ham mol boqib zoʻr foyda olish uchun sohaga oid kitob oʻqish, tajribalarni oʻrganish zarur. Bu — ilm degani!
Kelajakda ana shu ilmiy tafakkurga ehtiyoj karrasiga oshib ketadi. Bu haqida ham bir oz keyin batafsil toʻxtalamiz. Shu maʼnoda, yoshlar bilan uchrashuvda taʼlimga ustuvor vazifa sifatida qaralgani bejiz emas.
Oʻzbekistonda taʼlimga juda katta eʼtibor berilayotgani kishini quvontiradi. Oddiy misol, xususiy bogʻchalarga keng yoʻl ochilishi, imtiyoz berilishi orqali qamrov keskin oshirildi. Yoki oliy taʼlimda korrupsiyaga toʻla barham berilishi sabab adolat tiklandi. Talabga yarasha taklif muhiti yaratildi.
Masalan, ilgari oliy taʼlimda bitta oʻrin uchun kamida 10 kishi kurashar edi. Buning oqibatida turli qingʻirliklar avj olgan, oʻqib ilm olishdan koʻra, universitetga kiribdi, degan soʻz — soxta obroʻ muhim boʻlib qolgandi. Zamonning oʻzi koʻrsatyaptiki, oliy taʼlimga qabul qilinish emas, bilim olish muhim. Buni anglashimiz uchun qisqa vaqtda oliygohlar soni 3 barobar oshirildi. Sohaga xususiy sektor kirib keldi. Natijada yoshlarni oliy taʼlimga qamrab olish 42 foizga yetdi.
Yana bir muhim jihat ilmiy daraja olishdagi islohotlardir. Sunʼiy toʻsiqqa uchrab, yillar davomida chang bosib yotgan ilmiy izlanishlar oʻzgarishlar sabab ish stoliga qaytdi. Taʼlimning yuqori bosqichlarini davom ettiradigan yoshlar safi keskin koʻpaydi. Natija quvonarli, oʻtgan davrda ilmiy darajali yosh olimlarimiz soni 2 karra oshib, 4357 nafarga yetdi. Mazkur raqamning oʻziyoq yangi Oʻzbekistonda inson kapitaliga tikilayotgan sarmoya, qaratilayotgan eʼtibor katta samara bera boshlaganini koʻrsatadi. Keling, yaxshisi aniq faktlarga oʻtsak.
Oltiariqlik 18 yoshli Azizbek Zaylobiddinov Garvard universitetidan 100 foizli grant oldi. Bu degani, uning AQSHdagi 4 yillik oʻqish xarajatlari qoplab beriladi. Oddiy oʻzbek oʻgʻlonining dunyoning old oliygohida bunday natijaga erishishi zamirida aynan keyingi yillardagi islohotlar yotibdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Muhim jihat shundaki, Azizbek ijtimoiy loyihalar, ayniqsa, “Ibrat debate” loyihasida ishlagan. Bilim va koʻnikmalarini mustahkamlagan. Ana shu izlanishlari bugun samara bergan. Ha, agar bunday loyihalar boʻlmaganida Azizbek ilmiy salohiyati, imkoniyatidan vaqtida samarali foydalanishi soʻroq ostida qolgan boʻlardi, ehtimol.
Quvonarlisi, u kabi yoshlar koʻplab topiladi. Bunga davlatimiz rahbarining yoshlar bilan muloqoti chogʻida guvoh boʻldik. Hozir dunyodagi nufuzli universitetlarda 1,5 mingdan ziyod talabamiz tahsil olyapti. Avvalgi 25 yil ichida davlat hisobidan 800 yigit-qiz xorijga oʻqishga ketgan boʻlsa, birgina “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali soʻnggi 7 yilda 2300 vatandoshimiz shunday imkoniyatga ega boʻlgan.
Shu oʻrinda kichik mulohaza. Agar mana shunday imkoniyat, sharoit yaratilmaganida qonida ulugʻ ajdodlardan meros yuksak ilmiy tafakkur yashirin boʻlgan shuncha yosh oʻz yoʻlini topa olarmidi? Ular oʻz imkoniyatidan toʻla foydalanib, bugungi darajaga erisharmidi? Mazkur savollarning javobi taʼlimga eʼtiborning qanchalik muhim ekanini koʻrsatadi.
Albert Eynshteyn “Zakovat oʻqish-oʻrganish emas, unga erishish yoʻlidagi harakatlar mevasidir”, degan edi. Bugun esa yoshlar uchun ilmga erishish yoʻlida bemalol harakat qila olish imkoniyati yaratib berilmoqda. Bundan barchamiz haqli ravishda faxrlanamiz. Chunki bu, yuqorida aytganimizdek, bebaho boylik, inson kapitalini yuksaltirishda muhim qadam.
Ammo yana bir haqiqatni unutmaslik kerak. XXI asr yutuqlarga mahliyo boʻlib oʻtirishni xushlamaydi. Zero, bizni kutayotgan kelajakka munosib tarzda hozirlik koʻrib, muttasil ravishda olgʻa harakat qilish zarur. Shu bois, Prezidentimiz yoshlar taʼlimi borasida qator yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Masalan, Olmazor tumanidagi 10 ta maktabda muhandislik laboratoriyalari tashkil qilindi. Bugun ushbu laboratoriyalarda 2 ming oʻquvchi robototexnika va ilgʻor texnologiyalarni oʻrganmoqda. Barcha tumanlar hokimlariga bu tajribani oʻrganib, ommalashtirish, oʻz hududida 5 tadan maktabni shunday laboratoriyalar bilan jihozlash topshirildi.
Bundan tashqari, 36 ta texnika oliygohi rektorlari sunʼiy intellekt, robototexnika, dron, kiberxavfsizlik kabi ixtirochilik yoʻnalishlarida “Oliygoh kubogi”ni eʼlon qiladigan boʻldi. Eʼtiborlisi, eng yaxshi startap loyihalar tijoratlashtiriladi.
Qolaversa, kelgusi oʻquv yilidan boshlab oʻquvchilar oʻrtasida muhandislik olimpiadalari va tanlovlari oʻtkaziladi. Negaki hozir fizika, kimyo, texnologiya, muhandislik, matematika kabi STEM fanlar ahamiyati tobora ortib bormoqda. Hozirdanoq oʻquvchilarni ushbu fanlarga yoʻnaltirish, ragʻbatlantirish asosida puxta oʻqitish xalqimiz bolalarining xalqaro keskin raqobatga bardoshli boʻlib oʻsishiga zamin yaratadi. Mazkur uchrashuv ana shunday jihatlari sabab ham tarixiy voqea deyishga toʻla arziydi.
Shu oʻrinda kichik mulohaza. Yuqorida kelajakda ilmiy tafakkurga ehtiyoj karrasiga oshib ketishi haqida aytgan edik. Keyin yoshlarni oʻsha raqobatga bardoshli qilish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ayrim oʻzgarishlar haqida toʻxtaldik. Xoʻsh, shu bilan masalaga yechim topiladimi? Yaqin kelajakda 40 millionlik nufusni zabt etadigan xalqimiz yetarlicha ilmga ega boʻladimi?
Nazarimda, islohotlarning oʻzi yetarli emas. Yaʼni mana shu imkoniyatlar, islohotlarga mos ravishda jamiyat ham oʻzgarishi shart. Takror boʻlsa-da aytamiz, aksariyatimiz ilmiy raqobatga toʻla kelajak haqida oʻylab ham koʻrgan emasmiz. Agar unday boʻlmaganida edi, oʻqituvchilar nufuzini oshirish uchun ularning maoshi karrasiga koʻpayishini kutib oʻtirmasdik. Bolamizga dakki bergan oʻqituvchi yoniga musht emas, gul koʻtarib borgan boʻlardik. Bir yil oliy taʼlimga qabul qilinmagan farzandimizni “Undan koʻra ishlab pul top, erta-indin oilangni qanday boqasan”, deya xorijga ishga quvib yubormagan boʻlardik.
Toʻgʻri, bugun qancha qiynalmasin, bolalari oʻqishiga alohida eʼtibor berayotgan ota-onalar bor. Afsuski, ularning safi uncha katta emas. Biz oʻqib, tom maʼnoda akademik ilm olishni emas, yaxshiroq joyda ishlash, koʻproq pul topish haqida qaygʻuramiz. Hayotiy hisob-kitobimiz ham shunga yarasha. Shu bois, hamon toʻylar biz uchun eng muhim voqea. Bor topgan-tutganimizni shunga sarflaymiz. Xoʻsh, shunday ekan, jamiyatni oʻzgartirish uchun nima qilish kerak?
Birinchi oʻrinda, ziyolilar ilmni targʻib etishi shart. Endi oʻqisang yaxshi mutaxassis boʻlasan, yaxshi yashaysan, deyishning oʻzi kifoya emas. Bunga qoʻshib yuqorida aytganimiz — raqobatga toʻla kelajak haqida koʻproq maʼlumot berish kerak. Qolaversa, oilalarda ilmiy darajani oshirishga urgʻu berish zarur. Bu borada bajarilishi kerak boʻlgan vazifaga davlatimiz rahbari yana bir bor toʻxtalib oʻtdi va: “Men bir hayotiy fikrni takrorlashdan charchamayman: bitta qizni oʻqitsak, butun oilani oʻqitgan boʻlamiz. Oila bilimli, maʼrifatli boʻlsa, butun jamiyat bilimli, maʼrifatli boʻladi. Bu boradagi ishlarni yanada jadal davom ettiramiz”, dedi.
Yana bir quvonarli holat, xotin-qizlarga kontrakt puli davlat tomonidan qoplab berilayotgani sabab talaba qizlar soni 11 karra koʻpaygan. Endi qizlar taʼlimi yanada keng quloch ochishi, qizlarimiz — millatning boʻlajak onalari sunʼiy intellektdan ham bilimdonroq boʻlishi kerak.
Qizlar taʼlimi borasida ham jamiyatimizda qotib qolgan qarash bor. Ertaga baribir bu sohada ishlamasang, oʻqib nima qilasan, deymiz. Ana shu vaj bilan ularning oʻqishiga yo umuman ruxsat berilmaydi yoki oʻzlariga yoqmaydigan, lekin ishlashi mumkin boʻlgan sanoqli kasblarga yoʻnaltiriladi. Majburiy tanlov sabab ularning ilmiy salohiyati toʻla ochilmay qolib ketish ehtimoli yuqori. Chunki butunlay boshqa fan yoki jabhada isteʼdodi boʻlgani sabab bu sohaga umuman qiziqmaydi.
Bugun qizlarni oʻqitishda eʼtibor qiladigan jihatlarimizdan eng muhimi kasb tanlovi erkinligini toʻla berishdir. Zero, yuqorida boʻlajak onalar sunʼiy intellektdan ham bilimdonroq boʻlishi kerak, dedik. Bu mubolagʻa gap emas. Hayotiy ehtiyoj, qizlar taʼlimining nechogʻliq muhim ekaniga ishora.
Keling, soddaroq tushuntiramiz. Hozir dunyoda juda gʻalati tendensiya kuzatilmoqda. Yaʼni biz bilmagan narsalarimizni ota-onamizdan soʻrardik. Ular buning javobini bilmasa ham hayotiy tajribasidan kelib chiqib javob berardi. Yoki kitob varaqlardi. Hozir oilaviy oʻtirganimizda bahsli savol tugʻilib qolsa, hali maktabga chiqmagan bolamiz: “Internetdan qarab koʻring”, deydi. Chunki bolalarimiz ham oʻzimiz kabi hamma savollarning javobi internetda deb oʻylaydi.
Toʻgʻri, tarmoqlarning imkoniyati keng. Ayniqsa, sunʼiy idrok istalgan savolga javob beradi. Ammo u taqdim etayotgan javoblar doim ham toʻgʻri boʻlmaydi. Demoqchimizki, sunʼiy idrokka qaram boʻlib qolmaslik, uni boshqara olish uchun ham onalar bilimdon boʻlishi kerak. Zero, onaning ilmiy tafakkuri koʻproq bolada aks etadi.
Qolaversa, goʻdakning ilk koʻnikmalari shakllanayotganda u onasi bilan koʻproq vaqt oʻtkazadi. Shu bois, Uchinchi Renessansni barpo etish yoʻlidan borayotgan Oʻzbekistonda butun jamiyatni ilmli, maʼrifatli qilishga katta eʼtibor berilmoqda. Buning uchun biz, avvalo, kitobxon avlodni shakllantirishimiz kerak.
Respublika matbuotidagi ilk katta chiqishim kitobxonlik, aniqrogʻi, yoshlarning kitob oʻqimasligi toʻgʻrisidagi maqolaga aks sado edi. Bu huv oʻsha, 25 yil oldingi gurung. Buni eslaganim boisi, oʻsha paytda matbuotni kuzatib borardim. Unda doim kitob oʻqimayotgan yoshlar haqida chiqishlar kuzatilardi. Maqolam ham oʻsha chiqishlardan biri sifatida oʻtib ketgan. Shuncha maqolalar eʼlon qilinsa-da, masala jurnalistlar, ziyolilar tomonidan koʻndalang qoʻyilsa ham kitobxonlik borasida biror jiddiy ish qilinganini eslay olmayman. Yodimda qolgani, oʻsha vaqtda sobiq kolxozga qarashli va mahallamizdagi kattagina kutubxonalar bizga nomaʼlum sabablarga koʻra koʻchirib ketilgandi.
Qizigʻi, ikkala kutubxona ham bizdan 20 kilometr olisdagi kollej binosidan joy oldi. Achinarlisi, koʻchirish jarayonida qanchadan qancha kitoblar yoʻqoldi, yana bir talayi mahalliy “mafkura” chigʻirigʻidan oʻta olmadi. Buni oʻshanda havaskor jurnalist, oʻsha kutubxonalar aʼzosi sifatida yuragim achishib, jim kuzatganman.
Yana bir hayotiy voqea. Aynan oʻsha yillarda mahalladoshimiz Qulmuhammad aka bozorda gazeta-jurnal sotardi. Bir safar borsam, qator qilib yangi kitoblarni taxlab qoʻyibdi. Kitobning narxi falon soʻm. Agar sotib olishga qiynalsang, ijaraga ol, dedi.
Ha, oʻsha paytda mahalladoshim kitobni arzimas pulga ijaraga berishni yoʻlga qoʻygan edi. Qizigʻi, ijaradagi kitoblarni olish uchun navbat kutardik. Demoqchimanki, xalqimiz hech qachon kitobdan butunlay uzoqlashmagan. Hatto biz ommaviy ravishda yoshlarni kitob oʻqimaslikda ayblagan boʻlsak ham! Shunchaki, kitob oʻqishga imkoniyat, sharoit yetarli boʻlmagan. Bor imkoniyatlar ham kutubxonalarni markazlashtirish bahona mutolaadan pulni iqtisod qilishga qaratilgan ishlar sabab yoʻqqa chiqarildi. Sira yodimdan chiqmaydi, xasga yopishgan odamday qoʻlimdan mahkam tutib olgan bir ziyoli akamiz gazetaga yozing, kutubxonamizni saqlab qolaylik, degan edi.
Hozir kitob oʻqigani uchun mashina berilishiga ham koʻnikib boʻldik. “Kitobsevar millat” gʻoyasi asosida yoshlarda mutolaa madaniyatini shakllantirish umummilliy harakatga aylandi. Quvonarlisi, anʼanaviy tarzda oʻtkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovidagi ishtirokchilar soni 6 karra oshib,
3 million nafarga yetgan. Mashina yutib olish ragʻbati yoshlarni kitob bilan muttasil mashgʻul boʻlish, oʻqiganlarini ravon tilda bayon etish koʻnikmasini oʻzlashtirishga sabab boʻldi. Yaʼni birgina tanlov sabab dunyoqarashi keng, fikrini ravon ifoda eta oladigan yoshlar safi kengaydi.
Yuqorida kitobni ijaraga beradigan mahalladoshim misolida mutolaaga imkon yaratish haqida aytdik. Hozir nafaqat yangi kitoblarni chop etish, ularni maktablar, mahallalarga tekin yetkazib berish, balki yoshlarga uni oʻqib berish ham ommalashmoqda.
Bir guruh faol yoshlar tomonidan yaratilgan “Mutolaa” loyihasi ishga tushdi. Maxsus ilovadagi kitoblarni gadjetlar orqali oʻqish ham, tinglash ham mumkin. Buning uchun professional ovoz ustalari, aktyorlar koʻmagida kitoblar ovozlashtirilgan. Uning qulayliklari juda yaxshi. Yoʻl-yoʻlakay ham kitobni tinglab ketaverasiz. Keyingi safar ilova adashmasdan kitobni kelgan joyidan qoʻyib beradi. Mana shunday imkoniyatlar sabab mazkur ilova orqali 1 milliondan ortiq yosh kitobxonlar qatoriga kirdi.
Bir vaqtlar sotib ololmagan kitobimizni ijaraga olganimizday, hozir yoshlar topa olmagan kitoblarini mazkur loyiha sabab bepul oʻqiyapti. Masalan, loyihaning sinov davrida eng koʻp foydalangan yurtdoshimiz aniqlanib, undan fikr soʻralgan edi. Oʻshanda u qizi tanlovga qatnashishi uchun hamma kitobni topa olmaganini, “Mutolaa” ilovasi esa ularga yaxshi koʻmakchi boʻlganini aytgan.
Biz yuqorida bot-bot aytganimiz — isteʼdodlar oʻzini toʻla koʻrsata olishi uchun, avvalo, imkoniyat boʻlishi kerak. Keyin jamiyatdan oʻzgarishni kutsak arziydi. Yaʼni kechagi oʻzgarishlar bugun kitobxon, maʼrifatli jamiyatga tamal toshi boʻlmoqda. Bugungi saʼy-harakatlar esa sunʼiy idrokka ham dars beradigan, ustozini boshida koʻtarib, toʻy kabi turli tadbirlarni kamxarj oʻtkazish tarafdori boʻlgan jamiyat shakllanishiga ishonch uygʻotadi.
Gap ishonch haqida ketar ekan, yana bir quvonchli holatni eslab oʻtmoqchiman. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda mudofaa vaziri maslahatchisi Olimjon Oʻsarov bir qiziq maʼlumot ulashdi. Yaʼni Oʻzbekiston Qurolli Kuchlar akademiyasiga qisqa muddatli amaliyot oʻtash uchun kelgan Fransiya armiyasi kichik leytenanti Fransua-Andre mamlakatimiz yoshlarini harbiy-vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik tizimi bilan yaqindan tanishish maqsadida Yunusobod tumanidagi maktablardan biriga borgan. U maktabda CHQBT fani oʻquv xonasi, yaratilgan sharoitlar, amaliy dars jarayonlari bilan tanishgan. “Vatan tayanchi” harakati aʼzolarining harbiy sport mashgʻulotlarini kuzatgan va istalgan oʻquvchini oʻzi bilan bellashishga taklif etgan.
Shunda maktabning 11-sinf oʻquvchisi, “Vatan tayanchi” harakati aʼzosi Ulugʻbek Otabekov fransuz ofitserining taklifini qabul qilgan. Ular avtomatni sochish-yigʻish va armrestling boʻyicha oʻzaro kuch sinashgan. Eʼtiborlisi, Ulugʻbek fransiyalik ofitserni har ikki bellashuvda ham magʻlub etgan. Lekin Oʻzbekiston Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantiga yutqazgan.
Shu faktning oʻziyoq boshlangan islohotlar, imkoniyatlar berayotgan samarasidir. Endi barcha jabhada taraqqiyotning yangi bosqichiga oʻtish boshlandi. Xususan, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida ham. Davlatimiz rahbari yoshlar bilan muloqotida bu boradagi vazifalarni aytib oʻtdi. Yaʼni yoshlarimizda vatanparvarlik ruhini kuchaytirish boʻyicha 10-11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida boshlangan “Vatan tayanchi” harakati kasb-hunar maktabi, texnikum va xususiy taʼlim tashkilotlarida ham yoʻlga qoʻyilishi belgilandi. Qolaversa, “Vatan tayanchi” otryadlari oʻrtasida “maktab — tuman — viloyat — respublika” darajasida sport musobaqalari va ijodiy tanlovlar tashkil etiladigan boʻldi.
Yuqorida dunyoning hozirgi holatini aytdik. Umuman, barcha zamonlarda mamlakat taraqqiyoti faqat uning ilmiy salohiyati, iqtisodiy barqarorligiga bogʻliq boʻlib qolmagan. Balki oʻsha iqtisodiy toʻqlik sabab iligi but, tafakkuri keng, salohiyatli vatan posbonlari kamol topishi muhim boʻlgan. Zero, yurt sarhadini asrash doim dolzarb vazifadir.
Davlatimiz rahbarining yoshlar bilan muloqotida ularning bandligini taʼminlash orqali hayotdan rozi qilish, ilmiy salohiyatini yuzaga chiqarishdan tortib, oʻzligini tanish, ulugʻ ajdodlarga munosib avlod boʻlib kamol toptirishgacha boʻlgan kompleks masalalar qamrab olindi. Mutasaddilarga mazkur masalalar yechimiga qaratilgan vazifalar berildi. Bularning har birini bitta maqoladagi fikrlar bilan ifodalab berish mushkul. Ammo bir gapni taʼkidlash kerak, Prezidentimiz: “Bugungi kunda Vatanimiz oʻz taraqqiyotining yangi bir tarixiy bosqichiga qadam qoʻymoqda. Bu davrda oldimizda ilgari duch kelmagan murakkab vazifalar, gʻov va toʻsiqlar paydo boʻlishi tabiiy, albatta. Lekin qanchalik qiyin boʻlmasin, biz oldimizga qoʻygan ulkan maqsadlarga albatta yetamiz”, dedi.
Soʻng yoshlarga murojaat qilib, yurtimizni Uchinchi Renessans diyoriga aylantirishda oldingi saflarda boʻlishiga ishonch bildirildi. Umid qilamizki, bu ishonch oʻzini oqlaydi. Bugun xorijdagi eng yaxshi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan va ularga havas qilib oʻsha baland marralarni koʻzlayotgan yigit-qizlar vaqti kelib, shu yurt, ota makonimizning fidoyi farzandlari boʻladi.
Endi maqolamiz avvalidagi fikrga qaytib, oʻsha hikmatni eslasak: “Fozillar shahri, uning aholisi, ularning dillari erishadigan baxt-saodat nima ekanligini bilishlari zarur”.
Biz Uchinchi Renessans timsolida fozil odamlar diyorini bunyod etmoqchimiz. Agar biz fozil odamlar shahrida yashash saodatini his eta olsak, unga erishish uchun qalbimizda nihoyatda kuchli intilish tugʻiladi. Hozirgi qadamlarimizni oʻsha baland marraga moslab tashlaymiz. Bunday qadam tashlash esa yuqorida takrorlaganimiz — kelajakni tasavvur qilib, unga tayyor turishga, bu yoʻlda yagona xalq, bitta vatan boʻlib olgʻa intilishga undaydi. Nazarimda, davlatimiz rahbarining yoshlar bilan uchrashuvidan koʻzlangan eng katta maqsadlardan biri ham dillarimiz erishadigan baxt-saodat nima ekanini anglatishga qaratilgan.
Boboravshan GʻOZIDDINOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri