Tashrif doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston- Fransiya Hukumatlararo komissiyasining 10-yigʻilishi hamda qoʻshma biznes-forum boʻlib oʻtdi. Unda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 80 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Tomonlar qurilish materiallari ishlab chiqarish, togʻ-kon sanoati, aviatsiya va mashinasozlik, yashil energetika, suv taʼminoti, transport infratuzilmasini kengaytirish va boshqa sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikning bir qator yangi istiqbolli yoʻnalishlarini belgilab oldilar.
Bundan tashqari, tashrif doirasida Fransiya Prezidentining kontinental Yevropa va Turkiya masalalari boʻyicha maslahatchisi Bertran Bushvalter, eksport va savdo siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi Viktor Vandevil, tashqi savdo delegat vaziri Frank Rister, shuningdek, Fransiyaning Saint-Gobain, Eramet, Schneider Electric, Renault, Voltalia, Eiffage, Airbus, Orano kabi yirik kompaniyalari rahbarlari bilan qator uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.
Savdo-iqtisodiy, sanoat va sarmoyaviy hamkorlik hajmini yanada oshirish, shuningdek, oʻzbekistonlik hamkasblar bilan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda yangi yirik fransuz kompaniyalarini jalb etishga tayyor ekanliklari bildirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.